Xalqaro yozgi maktabning 5-kuni amaliy dala mashg‘ulotlari bilan davom etdi
23.07.2026
2026-yil 18-iyul kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida tashkil etilgan “Iqlim o‘zgarishi sharoitida O‘zbek–Xitoy suv tejovchi texnologiyalarini moslashtirish va amaliy qo‘llash” mavzusidagi Xalqaro yozgi maktabning beshinchi kuni ilmiy-amaliy field trip shaklida davom etdi. Dastur doirasida O‘zbekiston va Xitoydan tashrif buyurgan professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, magistrantlar hamda talabalar Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani Uchxoz hududida joylashgan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining tajriba maydoniga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida ishtirokchilar universitet
tajriba maydonida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, suv tejovchi
sug‘orish texnologiyalarining amaliy qo‘llanilishi hamda Xitoy tajribasi
asosida joriy etilgan zamonaviy sug‘orish usullari bilan yaqindan tanishdilar.
Dala sharoitida tomchilatib sug‘orish tizimlari, suv taqsimotini boshqarish,
ekinlarning suvga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash hamda suv resurslaridan oqilona
foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan amaliy ishlar batafsil namoyish
etildi. Ishtirokchilarga mazkur texnologiyalarning afzalliklari, ularning suv
va energiya tejamkorligini ta’minlashdagi o‘rni hamda qishloq xo‘jaligi
samaradorligini oshirishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Field trip davomida universitet prorektori Shuxrat Sobirov ham ishtirok
etib, yozgi maktab qatnashchilari bilan samimiy muloqot qildi. U xalqaro ilmiy
hamkorlikni rivojlantirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi qo‘shma ilmiy loyihalarni kengaytirishning
ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, dala sharoitida olib
borilayotgan tajribalar va ularning amaliy natijalari yuzasidan fikr
almashildi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar sug‘orish tizimlarining ishlash prinsiplari, dala sharoitida monitoring olib borish, zamonaviy o‘lchov uskunalaridan foydalanish hamda ilmiy tajribalarni tashkil etish bo‘yicha bevosita amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Xitoy va O‘zbekiston mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvi, ilmiy munozaralar va savol-javoblar tashkil etilib, suv tejovchi texnologiyalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Mazkur dala mashg‘ulotlari nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish,
yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda zamonaviy suv
tejovchi texnologiyalarni real ishlab chiqarish sharoitida o‘rganish uchun
muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Xalqaro yozgi maktab doirasidagi bunday
amaliy tadbirlar O‘zbekiston va Xitoy oliy ta'lim hamda ilmiy muassasalari
o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni
rivojlantirish va kelgusida innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun
mustahkam zamin yaratmoqda.