Ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi
21.07.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda sohaga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 karra oshib, 2,7 milliard dollarga yetdi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 2017-yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga ko‘tarildi.
Shu davrda 7,7 million aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlandi, 11 million aholining suv taʼminoti yaxshilandi, yana 1,1 million kishi kanalizatsiya tizimiga ulandi. 39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilindi. 3,4 mingta ichimlik suvi inshooti, 295 ta oqova suv inshooti va nasos stansiyasi barpo etildi yoki yangilandi.
Kelgusi yillarda ichimlik suvi taʼminotini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmati qamrovini 80 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun qoʻshimcha 1,3 milliard dollar investitsiya jalb etilishi koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari erishilgan natijalar bilan birga loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish, mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish tizimi hali talab darajasida emasligini koʻrsatib oʻtdi.
Xususan, Andijon shahridagi kanalizatsiya tizimida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun 107 milliard soʻm ajratildi. Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish maqsadida zamonaviy filtrlarni oʻrnatish ishlari boshlandi.
Surxondaryo viloyati aholisini Toʻpalang suv omboridan ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihasi doirasida Termiz shahrigacha tarmoq tortib kelindi. Yil yakuniga qadar Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqoʻrgʻon tumanlariga ham suv yetkazib berilishi belgilandi.
Taqdimotda hududlardagi eng dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan aniq vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvini olib borish, yana 3 mingta mahallada taʼminot sifatini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.
Ichimlik suvini xonadongacha yetkazish ishlarini toʻliq yakunlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda 232 mingta suv kolonkasi oʻrniga tarmoqlarni bevosita uylargacha tortish koʻzda tutilgan.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 600 million dollarlik ishlar amalga oshiriladi. Ularning doirasida 1,6 ming kilometr ichimlik suvi va 387 kilometr kanalizatsiya tarmogʻi, 80 ta suv hamda 29 ta oqova suv inshooti quriladi.
Natijada 107 ta mahalladagi 310 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi, 453 ta mahallada istiqomat qiluvchi 2,5 million aholi uchun suv taʼminoti yaxshilanadi.
Qashqadaryo viloyatida “Hisorak” suv omboridan ichimlik suvi olib kelish loyihasini jadallashtirish vazifasi qoʻyildi. Qiymati 217 million dollar boʻlgan ushbu loyiha Qamashi, Gʻuzor va Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahridagi 1,1 million aholining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash imkonini beradi.
Mutasaddilarga loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ekspertizasini qisqa muddatda yakunlash va moliyalashtirish manbasini aniqlash topshirildi.
Shuningdek, Fargʻona, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qarz va grant bitimlarini imzolash, poytaxtda yangi kanalizatsiya inshootini qurish loyihasi yuzasidan yakuniy xulosa kiritish vazifalari belgilandi.
1-sentabrga qadar umumiy qiymati 317 million dollarlik 6 ta loyiha boʻyicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni yakunlash va moliyalashtirish manbalarini belgilash zarurligi qayd etildi.
Suv taʼminoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash masalasi ham muhokama qilindi. Amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini toʻliq qoplamayotgani, hududlar kesimida keskin farqlar mavjudligi sohaning investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan ichimlik suvini ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish, Magistral suv taʼminoti korxonasini tashkil etish taklif qilindi. U hududiy korxonalarga ichimlik suvini yagona ulgurji tarif asosida yetkazib beradi.
Ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarini shaffof va iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida belgilash uchun Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish, 2027-yil 1-apreldan budjet tashkilotlari uchun yagona tarifni joriy qilish vazifasi qoʻyildi.
Demografik va iqtisodiy oʻsish natijasida 2030-yilga borib, mamlakatimizda ichimlik suvi isteʼmoli hozirgi 941 million kub metrga nisbatan yana 230 million kub metrga ortishi kutilmoqda. Bu suv resurslarini aniq hisobga olish va yoʻqotishlarni kamaytirishni taqozo etadi.
Shu bois, isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblarni toʻliq onlayn tizimga oʻtkazish, shahar va tuman markazlaridagi barcha isteʼmolchilardan masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini oʻrnatish belgilandi.
Suv inshootlari va tarmoqlarining raqamli xaritasini yaratish, boshqaruvga “SCADA”, “GIS”, telemetriya va yagona billing tizimlarini keng joriy etish orqali suv yoʻqotishlarini 35 foizdan 25 foizga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Sohada sunʼiy intellekt asosida nasos uskunalarining ishini tahlil qilish, avariyalar va suv oqishini oldindan aniqlash, isteʼmol hajmini prognozlash hamda aholi murojaatlarini tezkor koʻrib chiqishga qaratilgan loyihalar ham taqdimot qilindi.
Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida alohida fakultet ochish taklifi qoʻllab-quvvatlandi. Shuningdek, hududlardagi texnikumlar bazasida ichimlik va oqova suv yoʻnalishida dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilandi.
Prezidentimiz taqdimot yakunida loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, xizmatlar qamrovini kengaytirish, korxonalar moliyaviy barqarorligini taʼminlash, sohani raqamlashtirish va aholi uchun qulayliklarni oshirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.