O‘zbekiston–Xitoy ilmiy hamkorligi izchil davom etmoqda

17.07.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 122-son qarorida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti rektori Bahodir Mirzayev hamda Shihezi University rektori Zhaomin Li tashabbuslari bilan ikki universitet o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ilmiy va akademik hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.

Mazkur hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini tashkil etish, xalqaro loyihalarni kengaytirish hamda suv tejovchi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.

Ushbu hamkorlik doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari va olimlaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Shihezi Universityga tashrif buyurib, xalqaro ilmiy konferensiyada faol ishtirok etdi. Konferensiya davomida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ilmiy loyihalarni kengaytirish hamda International Summer Schoolni Toshkent shahrida tashkil etish masalalari muhokama qilinib, o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

Mazkur kelishuvlarning amaliy davomi sifatida 2026-yil iyul oyida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Iqlim o‘zgarishi sharoitida O‘zbek–Xitoy suv tejovchi texnologiyalarini moslashtirish va amaliy qo‘llash” mavzusidagi xalqaro yozgi maktab o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Yozgi maktab dasturi doirasida ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya tadqiqotlari ham tashkil etildi. Xitoylik yosh tadqiqotchilar, doktorantlar, magistrantlar va bakalavr talabalari universitet laboratoriyalari, zamonaviy laboratoriya uskunalari hamda ilmiy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, ular universitetimiz doktorantlari va magistrantlari tomonidan bir xil ilmiy yo‘nalishlarda olib borilayotgan tadqiqotlar, erishilgan ilmiy natijalar va innovatsion ishlanmalar bilan tanishib, kelgusida qo‘shma ilmiy izlanishlarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar va hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Dastur doirasida Shihezi University professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, magistrantlari va bakalavr talabalari “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Gidravlika va gidroinformatika kafedrasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ular kafedra tasarrufidagi zamonaviy ilmiy laboratoriyalar, gidravlik tajriba uskunalari, suv xo‘jaligi modellarini yaratish va sinovdan o‘tkazish imkoniyatlari, raqamli modellashtirish texnologiyalari hamda universitetning Axborot texnologiyalari (IT) markazi faoliyati bilan ham tanishdilar.

Mehmonlarga laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar, zamonaviy ilmiy jihozlarning imkoniyatlari hamda xalqaro grant va loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy faoliyat bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Kun yakunida Xitoy delegatsiyasi uchun Toshkent shahri bo‘ylab madaniy sayohat tashkil etildi. Mehmonlar poytaxtning tarixiy obidalari, zamonaviy me’moriy inshootlari va diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishib, O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda xalqimizning mehmondo‘stligi haqida iliq taassurotlarga ega bo‘ldilar.

Mazkur xalqaro yozgi maktab O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, tajriba almashish hamda yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro ilmiy platforma sifatida o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.