Xorazm innovatsion texnoparki: Innovatsiyalar va amaliyot uyg‘unligi

17.07.2026

#Yangilik #Ta`lim #Ma`naviy va tashkiliy

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” (TIQXMMI) milliy tadqiqot universiteti hamda Al-Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Xorazm viloyatida dual ta’lim asosida tahsil olayotgan talabalaridan iborat guruh Xorazm innovatsion texnoparkiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad - talabalarning nazariy bilimlarini ishlab chiqarish jarayonlari bilan bog‘lash hamda innovatsion loyihalarning amaliyotdagi ijrosi bilan yaqindan tanishishdan iborat.

Tashrifning eng muhim qismi «Mashinasozlik» bo‘limiga bo‘ldi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent O. Egamberdiyev rahbarligidagi «Yerlarni lazer niveliri (lazerli tekislagich) yordamida tekislash uskunasini mahalliy sharoitda ishlab chiqish» loyihasi namoyish etildi.

Ushbu uskunaning o‘ziga xosligi shundaki, u universal xususiyatga ega bo‘lib, turli quvvatdagi traktorlarga moslashtirilgan:

·       60 ot kuchiga ega kichik quvvatli T-28X4 traktorlaridan tortib, 100 ot kuchiga ega TL100 rusumli traktorlargacha bemalol qo‘llanila oladi.

·       Uskunaning ishchi qismi kengligi 2,5 metrdan 3,5 metrgacha o‘zgarishi barcha rusumdagi traktorlarga moslashuvchanlikdan dalolat beradi.

·       Qurilma ham oddiy tekislash ishlarida, ham yuqori aniqlikdagi lazer tizimlari bilan ishlashga moslashganligi sababli uni ko‘p funksiyali uskuna deb atash mumkin.

Bu kabi mahalliy texnologiyalarning ishlab chiqarilishi fermer xo‘jaliklari uchun katta qulaylik yaratib, qishloq xo‘jaligida suv va resurslarni tejashga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng guruh qayta ishlash sanoati va oziq-ovqat texnologiyalariga ixtisoslashgan loyihalar bilan tanishdi:

1.    N. Yaxshimuratov boshchiligidagi jamoa olxo‘rini sanoat usulida quritish va ulardan sharbat olish texnologiyalarini namoyish etdi. Mazkur yo‘nalish hududda meva-sabzavotchilik mahsulotlarini qayta ishlash hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2.    Talabalar, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar asosida non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonini ham ko‘zdan kechirishdi.

Tashrif talabalarda katta taassurot qoldirdi. Urganch davlat universitetida nazariy bilimlarning aynan shu kabi innovatsion texnoparklarda real mahsulotga aylanishi yosh mutaxassislarda texnologik fikrlashni shakllantirish va ularni kelgusida o‘z sohasining yetuk kadrlari bo‘lib yetishishida muhim turtki bo‘lishi ta’kidlandi. Tashrif so‘ngida talabalar kelgusida o‘zlarining malakaviy amaliyot o‘tash jarayonlarida ham shu kabi innovatsion yechimlarni tatbiq etishga intilishlarini bildirishdi.