Xalqaro yozgi maktabning birinchi kuni muvaffaqiyatli boshlandi

16.07.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim

Xalqaro yozgi maktabning birinchi kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Gidravlika va gidroinformatika kafedrasida tantanali ravishda boshlandi.

Mazkur yozgi maktabda Xitoy Xalq Respublikasining Shihezi universitetidan 13 nafar delegatsiya a’zosi, jumladan, professor Gong Ping, doktorantlar hamda yosh ilmiy izlanuvchilar ishtirok etmoqda. Ularning tashrifi ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida universitet prorektori Shuxrat Shokirov so‘zga chiqib, universitetning ilmiy salohiyati, zamonaviy laboratoriyalari, ilmiy markazlari, xalqaro hamkorlik aloqalari, ta’lim va ilm-fan sohasidagi yutuqlari hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma ilmiy loyihalar haqida batafsil taqdimot qildi. Shuningdek, kelgusida ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, Gidravlika va gidroinformatika kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor Aybek Arifjanov O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma ilmiy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, loyihaning asosiy maqsad va vazifalari, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar haqida ma’ruza qildi. Professor o‘z nutqida mazkur yozgi maktab loyiha doirasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish va yosh tadqiqotchilar salohiyatini oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Yozgi maktabning birinchi kuni davomida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Gidravlika va gidroinformatika kafedrasida bir qator seminar-trening va ilmiy ma’ruzalar tashkil etildi.

Jumladan, Gidravlika va gidroinformatika kafedrasi dotsenti, PhD. Dinislam Ataqulov tomonidan tomchilatib sug‘orish tizimlarini gidravlik hisoblash va loyihalash metodologiyasi bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi. Unda tomchilatib sug‘orish tizimlarini loyihalashning asosiy bosqichlari, quvur diametrlarini tanlash, gidravlik hisoblash usullari, bosim yo‘qolishlari va nasos parametrlarini aniqlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, PhD Xumora Jalilova tomonidan O‘zbekiston sharoitida yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini gidravlik loyihalash mavzusida ma’ruza taqdim etildi. Ma’ruzada zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini loyihalash, gidravlik hisoblash tamoyillari, amaliy tajribalar va ilmiy yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur xalqaro yozgi maktab O‘zbekiston va Xitoy olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, tajriba almashish hamda yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro ilmiy platforma hisoblanadi.