Malakaviy amaliyot: Yangiariqdagi meliorativ ob’ektlar o‘rganildi
06.07.2026
Dual ta’lim asosida tahsil olayotgan talabalar o‘zlarining malakaviy amaliyotlarini bevosita dala sharoitida o‘tashmoqda.
Talabalar, Xorazm viloyati hokimning ilmiy maslahatchisiga biriktirilgan mas’ul Jumanazarov Shohzod bilan birgalikda «Chapqirg‘oq Amudaryo» ITHB huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyasi tasarrufidagi muhim gidrotexnik inshoot - Yangiariq tumanidagi «Ozyorniy» magistral kollektorida bo‘lib, inshootning ishlash tamoyili va mintaqa melioratsiyasidagi o‘rni bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif jarayonida quyidagi ma’lumotlarni olishdi, ya’ni «Ozyorniy» magistral kollektorining PK 663+00 nuqtasida joylashgan gidrotexnik inshoot 1971 yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda 59132 gektar yer maydonining meliorativ holatini barqarorlashtirishga xizmat qilishi bilib olishdi. Shu bilan bir qatorda gidrotexnik inshootning suv olib chiqish sarfi 17.5 m3/sek ni tashkil etadi, yuqori tubining belgisi 88.52 m va pastki tubining belgisi 82.27 m ga teng ekanligi kuzatildi.
Amaliyot jarayonida talabalar nafaqat gidrotexnik inshootlarning texnik ko‘rsatkichlarini, balki qumloq tuproqlarda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, ekin turlarini to‘g‘ri tanlash va sho‘rlanishning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar bilan ham tanishdilar. Bunday amaliy mashg‘ulotlar bo‘lajak mutaxassislarda sohaga oid bilimlarni mustahkamlash va ilmiy tahliliy ko‘nikmalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.