"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti olimlari Hisorak suv omborida cho'kindilar ta'sirini baholashning zamonaviy usulini ishlab chiqdi
02.07.2026
"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti olimlari tomonidan "Assessing sediment-induced storage capacity loss in the Hisorak Reservoir, Uzbekistan" nomli ilmiy maqola Elsevier nashriyotining Watershed Ecology and the Environment xalqaro jurnalida chop etildi. Tadqiqotda Hisorak suv omborining 1980–2022-yillar davomida cho'kindilar to'planishi natijasida foydali sig'imining kamayishi zamonaviy geoinformatsion va geostatistik usullar yordamida baholandi.
Tadqiqot davomida 2003 va 2022-yillarda o'tkazilgan batimetrik o'lchovlar suv omborining loyiha ma'lumotlari bilan taqqoslandi. Tahlilda Inverse Distance Weighting (IDW), Radial Basis Function (RBF), Ordinary Kriging (OK) hamda Empirical Bayesian Kriging (EBK) geostatistik interpolatsiya usullari qo'llanildi. Modellar aniqligi RMSE, MAE va R² ko'rsatkichlari orqali baholanib, Ordinary Kriging usuli eng yuqori aniqlikni namoyish etdi (R² = 0,996).
Natijalar shuni ko'rsatdiki, oxirgi 42 yil davomida Hisorak suv omborining umumiy suv saqlash sig‘imi 39,4 mln m³ yoki 23,2 foizga kamaygan. 2003–2022-yillar oralig'ida cho'kindilar to'planish sur'ati yiliga 0,88 mln m³ ni tashkil etib, bu loyiha bo'yicha prognoz qilingan ko'rsatkichdan uch baravar yuqori ekanligi aniqlandi. Tadqiqot shuningdek suv omborining yuqori qismida cho'kindilar intensiv to'planayotganini, ayrim hududlarda esa eroziya jarayonlari kuzatilayotganini ko'rsatdi.
Mazkur tadqiqot natijalari suv omborlarining foydali sig'imini saqlash, cho'kindi boshqaruvi bo'yicha samarali choralarni ishlab chiqish hamda O'zbekistonning suv resurslarini barqaror boshqarishda ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish uchun muhim ahamiyatga ega.
Maqola haqida quyidagi link orqali batafsil ma'lumot olishingiz mumkin.