Samarqand shahridagi KOICA Kasb-hunarga o‘qitish markazida O‘zbekiston–Janubiy Koreya hamkorligidagi GSL yozgi maktabi muvaffaqiyatli yakunlandi

01.07.2026

#Yangilik #Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Ma`naviy va tashkiliy

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Janubiy Koreyaning Keimyung Kollej Universiteti o‘rtasida amalga oshirilayotgan Leading University Project for International Cooperation (LUPIC) xalqaro loyihasi doirasida tashkil etilgan 2026 GSL (Global Service Learning) “Learn to Share, Share to Learn” yozgi maktab dasturi Samarqand shahridagi KOICA Kasb-hunarga o‘qitish markazida muvaffaqiyatli yakunlandi.

Dastur professor-o‘qituvchilar va talabalarning kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini o‘zlashtirish hamda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi. Seminar-treninglar davomida ishtirokchilar raqamli pedagogika, loyiha asosida o‘qitish (Project-Based Learning), IT, veb-dizayn va boshqa innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Yozgi maktab doirasida KOICA Kasb-hunarga o‘qitish markazi direktori Ismoil Ergashev tomonidan Keimyung Kollej Universiteti hamda “TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari samimiy kutib olindi. Ishtirokchilar markaz faoliyati, zamonaviy o‘quv binolari, innovatsion laboratoriyalar, muhandislik, IT, vizual dizayn hamda kasbiy ta’lim yo‘nalishlarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur tashrif ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, o‘zaro tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

Dastur davomida universitetimizning LUPIC loyihasi a’zosi, DEISC koordinatori Go‘zal Eshchanova rahbarligidagi jamoa vakillari, DEISC assistenti A.Nigmatov, S.Raxmatullayev, Y.Cho’lliyev, A.Orifjonov kabi ishtirokchilar seminar-treninglarda faol ishtirok etib, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni muvaffaqiyatli egalladilar.

Yozgi maktab ishtirokchilari uchun Samarqandning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishtirish maqsadida sayohat ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan talabalar hamda professor-o‘qituvchilar Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi, Bibixonim masjidi, Ulug‘bek rasadxonasi va shaharning boshqa diqqatga sazovor maskanlarini ziyorat qilib, Samarqandning betakror tarixiy muhiti va milliy qadriyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur loyiha O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda universitetda innovatsion va raqamli ta’limni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.