Shahrisabzda “2026 KOICA Korea–Uzbekistan Technology Exchange Program” xalqaro dasturi muvaffaqiyatli o‘tkazildi
29.06.2026
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazida “2026 KOICA Korea–Uzbekistan Technology Exchange Program” xalqaro dasturi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur dastur O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida kasbiy ta’lim, zamonaviy texnologiyalar almashinuvi hamda xalqaro akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Tadbirda KOICAning
O‘zbekistondagi direktori janob Shin Myung-Sop, Samarqand VTC (Kasb
Ta’limi Markazi direktori Ismoil Ergashev, Shahrisabz shahar
hokimligi rahbariyati, vazirlik va idoralar vakillari, oliy ta’lim muassasalari
professor-o‘qituvchilari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Xalqaro dastur Shahrisabz
KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazi direktori Aktam Yo‘ldoshevning kirish
so‘zi bilan ochildi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi
samarali hamkorlik, KOICA markazlarining faoliyati hamda Shahrisabz markazida
yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot
berdi.
Shundan so‘ng
so‘zga chiqqan KOICAning O‘zbekistondagi direktori janob Shin Myung-Sop mamlakatimizda davlat rahbari
tashabbusi bilan kasb-hunar ta’limi tizimini modernizatsiya qilish, yoshlarni
zamonaviy kasblarga tayyorlash hamda xalqaro tajribalarni keng joriy etishga
qaratilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. U o‘z nutqida KOICA tomonidan
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar kasbiy ta’lim sifatini oshirish,
zamonaviy o‘quv infratuzilmasini rivojlantirish va mehnat bozori talablariga
mos malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Samarqand
va Shahrisabzdagi KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazlari faoliyatiga
alohida to‘xtalib, ushbu markazlarda zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil
etilgan o‘quv jarayonlari, amaliy mashg‘ulotlar hamda xalqaro
standartlarga mos kasbiy tayyorgarlik dasturlari yoshlar va xotin-qizlarning
bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish va tadbirkorlik
ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotganini qayd etdi.
Dastur davomida
Shahrisabz shahar hokimi o‘rinbosari, davlat tashkilotlari va hamkor
muassasalar rahbarlari ham so‘zga chiqib, xalqaro hamkorlikni kengaytirish,
kasbiy ta’lim sifatini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni ta’lim
jarayoniga tatbiq etish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini
bildirdilar.
Mazkur xalqaro dastur
doirasida Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti hamda "TIQXMMI"
Milliy Tadqiqot Universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan LUPIC
(Leading Universities Project for International Cooperation) loyihasi
asosidagi 2026 Global Service-Learning: "Learn to Share, Share to
Learn" Summer School ishtirokchilari ham faol qatnashdilar.
Tadbirning muhim
qismida "TIQXMMI" Milliy Tadqiqot Universiteti dotsenti, LUPIC
loyihasining O‘zbekistondagi koordinator yordamchisi Go‘zal Eshchanova
ishtirokchilarga murojaat qilib, yozgi maktabning asosiy maqsadi bilim
almashish, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar va
xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda innovatsion ta’limni
qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekanini ta’kidladi.
U o‘z nutqida bugungi
kunda IT va Beauty yo‘nalishlari O‘zbekistonda eng istiqbolli va
jadal rivojlanayotgan sohalardan biri ekanini qayd etib, Janubiy Koreya
mutaxassislarining ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini
o‘rganish kelajak mutaxassislarini tayyorlashda muhim omil bo‘lishini alohida
ta’kidladi. Shuningdek, ishtirokchilar "TIQXMMI" Milliy Tadqiqot Universiteti
xuzurida tashkil qilingan Xalqaro kasb-talim texnikumida amalga
oshirilayotgan xalqaro ta’lim dasturlari, jumladan imzolangan memorandum
asosidagi 2+2 modeli asosida talabalari 2 yil texnikumda va 2 yil Keymyung
Kollej Universitetida ta;limni davom etirish imkoniyat haqida ma’lumot berib
o’tdilar. Shuningdek, DEISC (Digital education Innovation Support Centre) markazi
tomonidan olib borilayotgan raqamli ta’lim loyihalarida faol ishtiroki haqida
ham ma’lumot berib o’tildi.
Xalqaro dastur
doirasida IT va Beauty yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan Global
Service-Learning Summer School ishtirokchilari o‘zlari egallagan amaliy
ko‘nikmalar va loyiha davomida tayyorlagan ishlari asosida maxsus ko‘rgazmada
qatnashdilar. Keymyung Kollej Universiteti professori Lee Dongjun
rahbarligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada ishtirokchilarning
innovatsion ishlanmalari, IT yechimlari hamda Koreyalik tajribali
mutaxassislari va talabalarining go‘zallik industriyasiga oid amaliy loyihalari
namoyish etildi.
Dastur yakunida yozgi
maktab davomida faol ishtirok etgan IT va Beauty yo‘nalishlari
tinglovchilari KOICA tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan
taqdirlandi.
Yozgi maktab
mashg‘ulotlari va treninglarida Keymyung Kollej Universiteti professor-o‘qituvchilari,
mutaxassislari va talabalari faol ishtirok etdi. Koreya delegatsiyasi tarkibida
Lee Dongjun, Lee Sungha, Kim Eunyeop, Lee Younghee, Kim Yelim, Kim Shinok,
Kim Seongyeon, Kim Gahyeon, Park Sohyeon, Kim Geontae, Kim Geonhyeong, Kim
Dohyeon, Lee Donghui, Lee Jiwoo, Yeo Chaeni hamda Jeon Eunju kabi
professorlar, mutaxassislar va talabalar loyiha doirasidagi treninglar, amaliy
mashg‘ulotlar va tajriba almashish jarayonlariga munosib hissa qo‘shdilar.
Shuningdek, yozgi maktabni
Toshkentda yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazishda "TIQXMMI" Milliy Tadqiqot
Universiteti dotsenti, DEISC markazi koordinatori Go‘zal Eshchanova hamda DEISC
assistentlari Aziz Nigmatov va Sanjar Ungalovning tashkiliy ishlari alohida
e’tirofga sazovor bo‘ldi.
"Learn to
Share, Share to Learn" tamoyili asosida tashkil etilgan ushbu yozgi maktab hamda 2026 KOICA
Korea–Uzbekistan Technology Exchange Program xalqaro dasturi O‘zbekiston
va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiyalar sohasidagi
hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Dastur yoshlarning
zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish va
universitetlararo hamkorlikni kengaytirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat
qiladi.