Shahrisabzda “2026 KOICA Korea–Uzbekistan Technology Exchange Program” xalqaro dasturi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

29.06.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazida “2026 KOICA Korea–Uzbekistan Technology Exchange Program” xalqaro dasturi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur dastur O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida kasbiy ta’lim, zamonaviy texnologiyalar almashinuvi hamda xalqaro akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.

Tadbirda KOICAning O‘zbekistondagi direktori janob Shin Myung-Sop, Samarqand VTC (Kasb Ta’limi Markazi direktori Ismoil Ergashev, Shahrisabz shahar hokimligi rahbariyati, vazirlik va idoralar vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Xalqaro dastur Shahrisabz KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazi direktori Aktam Yo‘ldoshevning kirish so‘zi bilan ochildi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi samarali hamkorlik, KOICA markazlarining faoliyati hamda Shahrisabz markazida yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan KOICAning O‘zbekistondagi direktori janob Shin Myung-Sop mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan kasb-hunar ta’limi tizimini modernizatsiya qilish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash hamda xalqaro tajribalarni keng joriy etishga qaratilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. U o‘z nutqida KOICA tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar kasbiy ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy o‘quv infratuzilmasini rivojlantirish va mehnat bozori talablariga mos malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Samarqand va Shahrisabzdagi KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazlari faoliyatiga alohida to‘xtalib, ushbu markazlarda zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan o‘quv jarayonlari, amaliy mashg‘ulotlar hamda xalqaro standartlarga mos kasbiy tayyorgarlik dasturlari yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotganini qayd etdi.

Dastur davomida Shahrisabz shahar hokimi o‘rinbosari, davlat tashkilotlari va hamkor muassasalar rahbarlari ham so‘zga chiqib, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, kasbiy ta’lim sifatini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Mazkur xalqaro dastur doirasida Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti hamda "TIQXMMI" Milliy Tadqiqot Universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan LUPIC (Leading Universities Project for International Cooperation) loyihasi asosidagi 2026 Global Service-Learning: "Learn to Share, Share to Learn" Summer School ishtirokchilari ham faol qatnashdilar.

Tadbirning muhim qismida "TIQXMMI" Milliy Tadqiqot Universiteti dotsenti, LUPIC loyihasining O‘zbekistondagi koordinator yordamchisi Go‘zal Eshchanova ishtirokchilarga murojaat qilib, yozgi maktabning asosiy maqsadi bilim almashish, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda innovatsion ta’limni qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekanini ta’kidladi.

U o‘z nutqida bugungi kunda IT va Beauty yo‘nalishlari O‘zbekistonda eng istiqbolli va jadal rivojlanayotgan sohalardan biri ekanini qayd etib, Janubiy Koreya mutaxassislarining ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini o‘rganish kelajak mutaxassislarini tayyorlashda muhim omil bo‘lishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ishtirokchilar "TIQXMMI" Milliy Tadqiqot Universiteti xuzurida tashkil qilingan Xalqaro kasb-talim texnikumida amalga oshirilayotgan xalqaro ta’lim dasturlari, jumladan imzolangan memorandum asosidagi 2+2 modeli asosida talabalari 2 yil texnikumda va 2 yil Keymyung Kollej Universitetida ta;limni davom etirish imkoniyat haqida ma’lumot berib o’tdilar. Shuningdek, DEISC (Digital education Innovation Support Centre) markazi tomonidan olib borilayotgan raqamli ta’lim loyihalarida faol ishtiroki haqida ham ma’lumot berib o’tildi.

Xalqaro dastur doirasida IT va Beauty yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan Global Service-Learning Summer School ishtirokchilari o‘zlari egallagan amaliy ko‘nikmalar va loyiha davomida tayyorlagan ishlari asosida maxsus ko‘rgazmada qatnashdilar. Keymyung Kollej Universiteti professori Lee Dongjun rahbarligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada ishtirokchilarning innovatsion ishlanmalari, IT yechimlari hamda Koreyalik tajribali mutaxassislari va talabalarining go‘zallik industriyasiga oid amaliy loyihalari namoyish etildi.

Dastur yakunida yozgi maktab davomida faol ishtirok etgan IT va Beauty yo‘nalishlari tinglovchilari KOICA tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Yozgi maktab mashg‘ulotlari va treninglarida Keymyung Kollej Universiteti professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari va talabalari faol ishtirok etdi. Koreya delegatsiyasi tarkibida Lee Dongjun, Lee Sungha, Kim Eunyeop, Lee Younghee, Kim Yelim, Kim Shinok, Kim Seongyeon, Kim Gahyeon, Park Sohyeon, Kim Geontae, Kim Geonhyeong, Kim Dohyeon, Lee Donghui, Lee Jiwoo, Yeo Chaeni hamda Jeon Eunju kabi professorlar, mutaxassislar va talabalar loyiha doirasidagi treninglar, amaliy mashg‘ulotlar va tajriba almashish jarayonlariga munosib hissa qo‘shdilar.

Shuningdek, yozgi maktabni Toshkentda yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazishda "TIQXMMI" Milliy Tadqiqot Universiteti dotsenti, DEISC markazi koordinatori Go‘zal Eshchanova hamda DEISC assistentlari Aziz Nigmatov va Sanjar Ungalovning tashkiliy ishlari alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.

"Learn to Share, Share to Learn" tamoyili asosida tashkil etilgan ushbu yozgi maktab hamda 2026 KOICA Korea–Uzbekistan Technology Exchange Program xalqaro dasturi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Dastur yoshlarning zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish va universitetlararo hamkorlikni kengaytirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.