“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti (TIQXMMI MTU) hamda S.A.Niyazov nomidagi Turkmaniston agrar universiteti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va akademik almashinuv dasturi doirasida turkmanistonlik talabalarning Toshkentga o‘quv-amaliy tashrifi boshlandi.

29.06.2026

#Ta`lim #Yangilik #Ma`naviy va tashkiliy

S.A.Niyazov nomidagi Turkmaniston agrar universitetining “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti talabalari joriy yilning 22-iyunidan 4-iyuliga qadar TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetida malaka oshirish va ishlab chiqarish amaliyotini o‘tamoqdalar. Ushbu ikki hafta davom etadigan stajirovka dasturi doirasida talabalar uchun zamonaviy agrar va suv xo‘jaligi texnologiyalariga oid boy o‘quv-amaliy hamda madaniy dastur tashkil etilmoqda.

Amaliyot davomida qardosh davlatdan tashrif buyurgan talabalar universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tiladigan bir qator dolzarb mavzulardagi ma’ruzalarda ishtirok etmoqdalar. Xususan, global iqlim o‘zgarishi va uning sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatiga ta’siri, FAO uslubi bo‘yicha ekinlarni sug‘orish rejimlarini belgilash, qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda geoaxborot tizimlari (GAT) va masofadan zondlash texnologiyalaridan foydalanish kabi muhim yo‘nalishlar o‘rganilmoqda.

Shuningdek, dastur doirasida talabalar institut laboratoriyalarida amaliy tadqiqotlar o‘tkazib, qishloq xo‘jaligi mashinalarining GPS tizimlari, issiqlik izolyatsiyalash materiallarining issiqlik o‘tkazuvchanligi va tuproqning jismoniy-mexanik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha laboratoriya ishlarida qatnashmoqdalar.

Talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida O‘zbekistonning sohaga oid yetakchi korxona va tashkilotlariga, jumladan, “UzGIP” loyiha instituti, “AGROMAX TEXNIC” kompaniyasi, “Suvchilar maktabi” hamda Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sinash va sertifikatlash respublika markaziga o‘quv ekskursiyalari tashkil etilishi belgilangan.

O‘quv jarayonlaridan tashqari, turkmanistonlik yoshlar uchun Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari va muzeylariga boy madaniy dastur ham rejalashtirilgan. Ushbu xalqaro almashinuv dasturi ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga va kelajakda agrar soha uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.