Qadimiy Shahrisabzda zamonaviy imkoniyatlar: LUPIC Global Service-Learning yozgi maktabi Qashqadaryoda davom etmoqda

26.06.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan LUPIC (Leading Universities Project for International Cooperation) xalqaro loyihasi doirasidagi “2026 Global Service-Learning: Learn to Share, Share to Learn Summer School” yozgi maktabining navbatdagi bosqichi Qashqadaryo viloyatidagi KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazida yuqori saviyada davom etmoqda.
24-iyun kuni loyiha ishtirokchilari Shahrisabz shahriga yetib kelib, 25-iyun sanasidan boshlab IT va BEAUTY Course dasturlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni davom ettirdilar. Mazkur treninglar mahallalarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar, kasb-hunar egallashni istovchilar, qo‘shimcha daromad topishga intilayotgan fuqarolar hamda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan ishtirokchilar uchun tashkil etildi.
Ayollar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida:
BEAUTY Course mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilarga zamonaviy go‘zallik industriyasining istiqbolli yo‘nalishlari, professional makiyaj, yuz terisini parvarishlash, soch turmaklari yaratish, mijozlar bilan ishlash madaniyati hamda xizmat ko‘rsatish sohasidagi xalqaro tajribalar bo‘yicha amaliy bilimlar berildi. Treninglar davomida mutaxassislar tomonidan shaxsiy brend yaratish, mijozlar bazasini shakllantirish, go‘zallik xizmatlari bozoriga kirish, marketing vositalaridan foydalanish hamda o‘z biznesini boshlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Bu esa ishtirokchilarga nafaqat yangi kasb egallash, balki kelajakda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Raqamli ko‘nikmalar – zamonaviy mehnat bozorining talabi:
yozgi maktabning IT dasturi doirasida ishtirokchilar zamonaviy axborot texnologiyalari, raqamli savodxonlik, innovatsion yechimlar va texnologik imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha bilimlarini mustahkamlamoqdalar. Mashg‘ulotlar davomida yoshlar va xotin-qizlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish hamda ularni amaliy faoliyatga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan Shahrisabz taassurotlari:
yozgi maktab dasturi doirasida ishtirokchilar uchun qadimiy va betakror Shahrisabz shahrining tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham yaratildi. Delegatsiya a’zolari buyuk sarkarda Amir Temur nomi bilan bog‘liq bo‘lgan mashhur Oqsaroy majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishdilar. Shahrisabzning go‘zal tabiati, qadimiy obidalari, samimiy va mehmondo‘st aholisi xorijlik mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar ushbu tarixiy maskan nafaqat madaniy meros, balki yosh avlod uchun ilhom manbai ekanligini alohida ta’kidladilar.
Xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvi yangi bosqichda
Mazkur xalqaro yozgi maktab faoliyatida Keymyung Kollej Universiteti, “TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universiteti hamda KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazi vakillari faol ishtirok etmoqdalar. Dastur jarayonlarini DEISC markazi koordinatori Go‘zal Eshchanova hamda DEISC assistenti Aziz Nigmatov muvofiqlashtirib bormoqda. Shuningdek, universitet vakillari Yaqubjon Cho‘lliyev, Sultonali Raxmatullayev va Orifjonov Abdulaziz va boshqalar ham treninglar va tashkiliy jarayonlarda faol qatnashib, loyiha samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
LUPIC loyihasi – yangi imkoniyatlar sari muhim qadam
Qashqadaryoda tashkil etilayotgan LUPIC Global Service-Learning Summer School dasturi xalqaro hamkorlik, bilim almashish va amaliy tajriba orttirishning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy kasblarga yo‘naltirish borasidagi ahamiyati bilan alohida e’tiborga loyiqdir.

“Learn to Share, Share to Learn” tamoyili asosida tashkil etilayotgan mazkur yozgi maktab O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tajriba almashish va yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilayotgan muhim platforma sifatida o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.