Qadimiy Shahrisabzda zamonaviy imkoniyatlar: LUPIC Global Service-Learning yozgi maktabi Qashqadaryoda davom etmoqda
26.06.2026
Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti hamda “TIQXMMI”
Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan LUPIC (Leading
Universities Project for International Cooperation) xalqaro loyihasi
doirasidagi “2026 Global Service-Learning: Learn to Share, Share to Learn
Summer School” yozgi maktabining navbatdagi bosqichi Qashqadaryo
viloyatidagi KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazida yuqori saviyada davom
etmoqda.
24-iyun kuni loyiha ishtirokchilari Shahrisabz shahriga yetib kelib,
25-iyun sanasidan boshlab IT va BEAUTY Course dasturlari bo‘yicha
amaliy mashg‘ulotlarni davom ettirdilar. Mazkur treninglar mahallalarda
istiqomat qiluvchi xotin-qizlar, kasb-hunar egallashni istovchilar, qo‘shimcha
daromad topishga intilayotgan fuqarolar hamda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni
maqsad qilgan ishtirokchilar uchun tashkil etildi.
Ayollar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida:
BEAUTY Course mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilarga zamonaviy
go‘zallik industriyasining istiqbolli yo‘nalishlari, professional makiyaj, yuz
terisini parvarishlash, soch turmaklari yaratish, mijozlar bilan ishlash
madaniyati hamda xizmat ko‘rsatish sohasidagi xalqaro tajribalar bo‘yicha
amaliy bilimlar berildi. Treninglar davomida mutaxassislar tomonidan shaxsiy
brend yaratish, mijozlar bazasini shakllantirish, go‘zallik
xizmatlari bozoriga kirish, marketing vositalaridan foydalanish
hamda o‘z biznesini boshlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Bu esa
ishtirokchilarga nafaqat yangi kasb egallash, balki kelajakda o‘z tadbirkorlik
faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Raqamli ko‘nikmalar – zamonaviy mehnat bozorining talabi:
yozgi maktabning IT dasturi doirasida ishtirokchilar zamonaviy axborot
texnologiyalari, raqamli savodxonlik, innovatsion yechimlar va texnologik
imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha bilimlarini mustahkamlamoqdalar.
Mashg‘ulotlar davomida yoshlar va xotin-qizlarning raqamli
kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori
bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish hamda ularni amaliy faoliyatga tatbiq
etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan Shahrisabz taassurotlari:
yozgi maktab dasturi doirasida ishtirokchilar uchun qadimiy va betakror Shahrisabz
shahrining tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham
yaratildi. Delegatsiya a’zolari buyuk sarkarda Amir Temur nomi bilan bog‘liq
bo‘lgan mashhur Oqsaroy majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning boy
tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishdilar. Shahrisabzning go‘zal tabiati,
qadimiy obidalari, samimiy va mehmondo‘st aholisi xorijlik mehmonlarda iliq
taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar ushbu tarixiy maskan nafaqat madaniy meros,
balki yosh avlod uchun ilhom manbai ekanligini alohida ta’kidladilar.
Xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvi yangi bosqichda
Mazkur xalqaro yozgi maktab faoliyatida Keymyung Kollej Universiteti, “TIQXMMI”
Milliy Tadqiqot Universiteti hamda KOICA Kasbiy ko‘nikmalar markazi
vakillari faol ishtirok etmoqdalar. Dastur jarayonlarini DEISC markazi
koordinatori Go‘zal Eshchanova hamda DEISC assistenti Aziz Nigmatov
muvofiqlashtirib bormoqda. Shuningdek, universitet vakillari Yaqubjon
Cho‘lliyev, Sultonali Raxmatullayev va Orifjonov Abdulaziz va
boshqalar ham treninglar va tashkiliy jarayonlarda faol qatnashib, loyiha
samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
LUPIC loyihasi – yangi imkoniyatlar sari muhim qadam
Qashqadaryoda tashkil etilayotgan LUPIC Global Service-Learning Summer
School dasturi xalqaro hamkorlik, bilim almashish va amaliy tajriba
orttirishning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, yoshlar va
xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini oshirish, bandligini ta’minlash,
tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy
kasblarga yo‘naltirish borasidagi ahamiyati bilan alohida e’tiborga
loyiqdir.
“Learn to
Share, Share to Learn” tamoyili asosida tashkil
etilayotgan mazkur yozgi maktab O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi
do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tajriba almashish va yangi
imkoniyatlar yaratishga xizmat qilayotgan muhim platforma sifatida o‘z
faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.