Koreya-O’zbekiston yozgi maktabining ikkinchi kunida amaliy mashg‘ulotlar davom etdi

25.06.2026

#Yangilik #Ta`lim #Ma`naviy va tashkiliy

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan 2026 LUPIC – Global Service-Learning: Learn to Share, Share to Learn Summer School xalqaro yozgi maktabi doirasidagi IT va Beauty Course dasturining ikkinchi kuni mazmunli va amaliy mashg‘ulotlarga boy tarzda o‘tdi.

Tadbirda Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan bir qatorda universitet professor-o‘qituvchilari, jumladan, professorlar Zuxra Ismailova, Dilrabo Muqumova, Durdona Mustafoyeva, Gulmira Baykunusova, PhD Indira Raximova, PhD Gulnora Ziyavutdinova, tyutor Gulchexra Axmadjonova, universitet psixologi Dilafruz Yusupova, “Professional ta’lim” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, talaba-qizlar hamda mahallalarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar faol ishtirok etdilar.

Mashg‘ulotlarning birinchi qismida koreyalik ekspertlar tomonidan go‘zallik industriyasining zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi. Unda yuz terisini to‘g‘ri parvarishlash, yuzni professional tozalash usullari, teri turiga mos kosmetik vositalarni tanlash, kremlardan samarali foydalanish, kundalik va professional makiyaj sirlari hamda sog‘lom va jozibador tashqi ko‘rinishni shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Ishtirokchilar Koreya go‘zallik industriyasida qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalar bilan tanishib, kosmetologiya va estetik parvarish yo‘nalishlaridagi zamonaviy yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Mashg‘ulotlar davomida nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Kunning ikkinchi yarmida esa workshop formatidagi interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilar kichik guruhlarga bo‘lingan holda shaxsiy rang  aniqlash, yuz tuzilishi va tashqi ko‘rinishga mos makiyaj tanlash, manikyur va qo‘l parvarishi, qo‘l massaji, soch turmaklari yaratish, parikmaxerlik sirlarini o‘rganish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish madaniyati bo‘yicha amaliy mashqlarni bajardilar.

Shuningdek, seminar-treninglarda go‘zallik xizmatlari sohasida faoliyat yuritish, shaxsiy brend yaratish, mijozlar bazasini shakllantirish, xizmatlar sifatini oshirish va zamonaviy marketing vositalaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu esa ishtirokchilarga BEAUTY industriyasida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun muhim bilim va ko‘nikmalarni egallash imkonini yaratmoqda.

Mashg‘ulotlar davomida universitet huzuridagi Digital Education Innovation Support Centre (DEISC) markaziga LUPIC loyihasi doirasida keltirilgan zamonaviy uskunalar va innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanildi. Bu esa ishtirokchilarga xalqaro standartlar asosida amaliy tajriba orttirish imkoniyatini bermoqda.

Mazkur Beauty Course dasturi yoshlar va xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Janubiy Koreya tajribasi asosida tashkil etilayotgan bunday amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, xalqaro tajribani o‘rganish va o‘z faoliyatlarida qo‘llash uchun mustahkam zamin yaratmoqda.