"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti va Padova universiteti (TOP-204) o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

24.06.2026

#Xalqaro hamkorlik #Tadqiqotlar

Italiyaning dunyodagi yetakchi universitetlaridan biri bo‘lgan Padova universiteti (University of Padua, TOP-204) rektori Prof. Daniela Mapelli bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, barqaror qishloq xo‘jaligi, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuv sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Xususan, ikki universitet talabalari uchun yangi xalqaro ta’lim dasturi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, har yili 15 nafar o‘zbekistonlik va 15 nafar italiyalik talaba qo‘shma ta’lim dasturlarida ishtirok etadi. Dasturning amaliy qismi 4 haftalik modul shaklida tashkil etilib:

- 2 hafta TIQXMMIda irrigatsiya, suv resurslarini boshqarish va barqaror qishloq xo‘jaligi bo‘yicha;

- 2 hafta Padova universitetida zamonaviy Yevropa tajribasi va ilmiy innovatsiyalar asosida o‘qitiladi.

Shuningdek, muzokaralar natijasida magistratura va PhD bosqichlarida ikki diplomli (Double Degree) ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur dasturlarning rasmiy hujjatlarini yangi o‘quv yilidan boshlab imzolash va amalga oshirish rejalashtirilgan.

Mazkur hamkorlik talabalar va yosh olimlar uchun xalqaro darajadagi ta’lim va ilmiy tadqiqot imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ilm-fan, innovatsiya va xalqaro hamkorlik — barqaror kelajak sari ishonchli qadam.