Andijon tumanidagi sel suv omborlarida ilmiy kuzatuv ishlari olib borildi
23.06.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2
apreldagi PQ-122-son qarori ijrosini ta’minlash hamda mazkur qaror doirasida tasdiqlangan
“2026 yilda Andijon viloyatida suv xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan tadbirlarning
ilmiy yechimlariga qaratilgan Yo‘l xaritasi”ning 4-bandi - “Sel suv omborlarini
masofadan boshqarish tizimlari asosida aholi xavfsizligini oshirish va favqulodda
vaziyatlarning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish” vazifasi ijrosi yuzasidan
Andijon tumanida ilmiy kuzatuv ishlari olib borildi.
Kuzatuvlar davomida Andijon tumani Bog‘ishamol va Xakan
hududlarida joylashgan, Andijon tumani hamda Andijon shahrini sel xavfidan himoya
qilish maqsadida barpo etilgan 28 ta sel suv omborining texnik holati, joylashuvi,
suv yig‘ish imkoniyati, to‘g‘on parametrlari, suv o‘tkazish qobiliyati va foydalanish
holati o‘rganildi.
Ushbu sel suv omborlari asosan sel suvlarini yig‘ish
va xavfsiz boshqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, ularning barchasi tabiiy boshqaruv
usuliga ega tuproq o‘zanli inshootlar hisoblanadi. O‘rganish jarayonida suv omborlarining
to‘g‘on balandligi, egallagan maydoni, hajmi, pastki hududlarga ta’sir ko‘rsatishi
mumkin bo‘lgan maksimal suv sarfi, foydalanishga topshirilgan yili, ta’mirlash ishlari
va balans qiymati bo‘yicha ma’lumotlar tahlil qilindi.
Ilmiy kuzatuvlar natijasida sel suv omborlarida xavfsizlikni
ta’minlash, ularni masofadan kuzatish va boshqarish imkoniyatlarini kengaytirish,
favqulodda holatlarning oldini olish hamda aholi yashash punktlarini sel xavfidan
himoya qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish zarurligi belgilandi.
O‘rganish ishlarida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti
“Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi dotsenti, Andijon viloyati hokimining
qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi B.T. Amanov, “Hayot
faoliyati xavfsizligi” kafedrasi dotsenti N.Q.Rajabov, Andijon viloyati Favqulodda
vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i N.I.Yuldashev hamda “Suv xo‘jalik nazort inspeksiyasi bosh mutaxassisi
A.Xolmatov ishtirok etdi.
Mazkur ishlar Andijon viloyatida suv xo‘jaligi ob’ektlaridan
samarali foydalanish, gidrotexnika inshootlari xavfsizligini oshirish, sel xavfi
bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ilm-fan va amaliyot integratsiyasini
kuchaytirishga xizmat qiladi.