Janubiy Koreya tajribasi O‘zbekistonda: BEAUTY industriyasi, startaplar va ayollar tadbirkorligiga bag‘ishlangan “Global Service-Learning” xalqaro yozgi maktabi boshlandi

23.06.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim #Yangilik

2026-yil 22-iyun kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan LUPIC (Leading Universities Project for International Cooperation) xalqaro loyihasi doirasida “2026 LUPIC- Global Service-Learning: Learn to Share, Share to Learn Summer School” yozgi maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu loyihada universitstimiz rektori B. Mirzayev loyiha maxalliy koordinator sifatida faoliyat olib bormoqda. Loyiha doirasida universitetga zamonaviy kompyuterlar va o‘quv-laboratoriya uskunalari olib kelinib, ular to‘liq o‘rnatildi hamda amaliy foydalanishga topshirildi.

21–30 iyun kunlari davom etadigan mazkur xalqaro dastur ta’lim, innovatsiya, raqamli texnologiyalar, IT va BEAUTY industriyasi yo‘nalishlarida bilim almashish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda xalqaro tajribalarni o‘rganishga qaratilgan.

Yozgi maktabning asosiy maqsadlaridan biri - zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni ommalashtirish, yoshlar va xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish hamda yangi biznes g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Loyiha doirasida universitet huzuridagi Digital Education Innovation Support Centre (DEISC) Raqamli Ta’lim Innovatsyasini Qo’llab Quvvatlash Markazida tashkil etilgan Beauty Course dasturida mahalliy xotin-qizlar ham faol ishtirok etmoqda. Treninglar davomida ishtirokchilarga go‘zallik industriyasining zamonaviy yo‘nalishlari, professional makiyaj, yuz terisini parvarishlash, soch turmaklari, mijozlar bilan ishlash madaniyati va xizmat ko‘rsatish sohasidagi xalqaro tajribalar bo‘yicha amaliy bilimlar berilmoqda.

Bugungi kunda BEAUTY industriyasi dunyodagi eng tez rivojlanayotgan va yuqori daromad keltiruvchi sohalardan biri hisoblanadi. Treninglar davomida mutaxassislar ushbu yo‘nalishda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, xizmatlar bozoriga kirish, shaxsiy brend yaratish hamda biznes-reja asosida faoliyat boshlash bo‘yicha tavsiyalar berdilar.

Ayniqsa, mahallalarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlash va oilaviy daromadni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Seminarlar davomida BEAUTY xizmatlari yo‘nalishida kichik biznes tashkil etish, startap loyihalarni shakllantirish, mijozlar bazasini yaratish va zamonaviy marketing vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Yozgi maktab faoliyatida Keymyung Kollej Universiteti professorlari, mutaxassislari va talabalari, shuningdek, universitetimiz professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va talabalar faol ishtirok etmoqda. Treninglar Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan loyiha menejeri Kim Yelim hamda universitetimiz Ingliz tili kafedrasi dotsenti, DEISC markazi koordinatori Go‘zal Eshchanova tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

Treninglarda Keymyung Kollej Universiteti professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari va talabalari faol qatnashmoqda. Koreya delegatsiyaga a’zolari sifatida Lee Dongjun, Lee Sungha, Kim Eunyeop, Lee Younghee, Kim Yelim, Kim Shinok, Kim Seongyeon, Kim Gahyeon, Park Sohyeon, Kim Geontae, Kim Gahyeon, Park Sohyeon, Kim Geontae, Kim Geonhyeong, Kim Dohyeon, Lee Donghui, Lee Jiwoo, Yeo Chaeni, Jeon Eunju kabi xamkorlarimizni faol ishtiroklarini  ta’kidlashimiz mumkin.

Mashg‘ulotlarda loyiha doirasida universitetga keltirilgan zamonaviy uskunalar va innovatsion texnologiyalardan foydalanilayotgani ishtirokchilarga xalqaro standartlar asosida amaliy tajriba orttirish imkonini bermoqda.

Shuningdek, universitetimizning “Professional ta’lim” kafedrasi mudiri Dilrabo Muqumova rahbarligidagi professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba qizlar ham mazkur xalqaro “Global Service-Learning” yozgi maktabi faoliyatida faol ishtirok etib, amaliy mashg‘ulotlar, tashkiliy jarayonlar va tajriba almashish jarayonlarida samarali hissa qo‘shmoqdalar.

Shuningdek, yozgi maktabning ilk kunida Koreyadan tashrif buyurgan professorlar, kosmetika kompaniyalari vakillari, mahalliy mutaxassislar hamda taniqli stilist va vizajist Sharipova Muxayyo ishtirokida “Koreya–O‘zbekiston go‘zallik industriyasida zamonaviy yondashuvlar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda BEAUTY industriyasining bugungi rivojlanish tendensiyalari, innovatsion xizmatlar, ayollar tadbirkorligi va yangi biznes imkoniyatlari muhokama qilindi.

Mazkur xalqaro loyiha nafaqat ta’lim va tajriba almashish maydoni, balki yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim platforma hisoblanadi.

Yozgi maktabni yuqori saviyada tashkil etishda DEISC markazi koordinatori Go‘zal Eshchanova va DEISC markazi assistentlari Aziz Nigmatov va Sanjar Ungalovlarning tashkiliy ishlari alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.

“Learn to Share, Share to Learn” tamoyili asosida tashkil etilgan ushbu yozgi maktab bilim almashish, innovatsiyalarni joriy etish va yangi imkoniyatlar yaratish orqali universitetning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.