Gidromelioratsiya fakulteti talabalarining Turkmanistondagi akademik tajriba almashinuv dasturi
17.06.2026
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Gidromelioratsiya” fakultetining 3-kurs talabasi A’loxon Jabbarova Turkmaniston qishloq xoʻjaligi universitetida akademik almashinuv dasturi doirasida tashkil etilgan amaliyotda qatnashib qaytdi. Hozirgi vaqtda Xorazm viloyatida Dual ta’lim boʻyicha amaliyot oʻtayotgan talabalar hamda “Chapqirgʻoq Amudaryo” ITXB yoshlari uchun taqdimot qilib berdi. A’loxon Jabbarova oʻz taqdimotida Turkmaniston qishloq xoʻjaligi universitetidagi akademik almashinuv dasturi muvaffaqiyatli oʻtganini ta’kidladi. Shuningdek, u tashrifda belgilangan dastur doirasida qiziqarli va amaliy uchrashuvlarga boy tarzda tashkil etilganini slaydlar orqali namoyish etdi. Amaliyot dasturiga asosan, universitet rektori Gapurov Allaberdi Kakabayevich bilan rasmiy uchrashuv tashkil qilingani hamda tashrif buyurgan ustoz va talabalar doʻstona kutib olingani alohida qayd etildi. Uchrashuvda universitet rahbariyati bilan ikki tomonlama ilmiy va ta’limiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Belgilangan rejaga muvofiq, talabalar Turkmaniston Suv xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tarkibidagi Davlat suv xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish va loyihalash institutiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida boʻlajak mutaxassislar zamonaviy “Tuproq analizi” laboratoriyasi faoliyati va u yerda olib borilayotgan tadqiqot jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining Turkmanistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshanbek Alimov bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida talabalar bilan qizgʻin va samimiy suhbat oʻtkazildi. Madaniy dastur doirasida talabalar Ashxobod shahrining diqqatga sazovor joylari, xususan, “Xalq haqidasi” (Halk Hakydasy) yodgorliklar majmuasi, “Daşkent” sayilgohi va Turkman davlat sirkiga sayohat qilishdi. Amaliyot yakunida universitetning katta majlislar zalida tashkil etilgan madaniy tadbirda ishtirok etildi. Milliy qoʻshiqlar, raqslar va badiiy chiqishlar namoyish etilgan ushbu kecha talabalarga Turkmanistonning milliy madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Mazkur xalqaro akademik
almashinuv dasturi talabalarning nazariy bilimlarini xalqaro tajribada
mustahkamlashga hamda ikki davlat oʻrtasidagi suv va qishloq xoʻjaligi
sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.