“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning talabalar, doktorantlar va yosh olimlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

12.06.2026

#Ta`lim #Yangilik

Ochiq muloqot davomida mamlakatimiz energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tarmoqni modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hamda soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda talabalar va yosh tadqiqotchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan bir qatorda, sohadagi ilmiy loyihalar va innovatsion tashabbuslar yuzasidan ham fikr almashdilar. Xususan, universitet doktoranti E’zozbek Ozodov tomonidan suv va energetika sohalari uchun ishlab chiqilgan 76 ta startap loyihasi taqdim etildi.Vazir o‘z nutqida energetika tarmog‘ining barqaror rivojlanishi ilm-fan, innovatsiyalar va muhandislik yechimlari bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidlab, yoshlarning ilmiy g‘oyalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida universitet rahbariyati tomonidan Jo‘rabek Mirzamahmudovga talaba-yoshlar bilan samarali muloqoti va soha rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirilib, esdalik sovg‘asi hamda tashakkurnoma topshirildi.Mazkur uchrashuv ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning energetika sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularning innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etdi.