Toshkentda xalqaro ilmiy jurnallar uchun maqola yozish boʻyicha Yozgi maktab oʻtkazildi

11.06.2026

#Ilmiy faoliyat #Xalqaro hamkorlik


9–11-iyun kunlari Toshkent shahrida ijtimoiy fanlar sohasida ilmiy maqolalar yozishga bagʻishlangan Yozgi maktab boʻlib oʻtdi. Dastur ERGO Analytics, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida, Ijtimoiy va inson kapitali laboratoriyasi faoliyati doirasida tashkil etildi.

Mazkur tashabbus yosh olimlar, tadqiqotchilar, doktorantlar va professor-oʻqituvchilarning ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro akademik nashrlar uchun maqolalar tayyorlash hamda zamonaviy tahlil usullaridan foydalanish boʻyicha koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratildi.

Tanlov asosida saralab olingan 50 nafar ishtirokchi uch kun davomida xalqaro akademik standartlar, ilmiy maqola tayyorlash metodologiyasi, maʼlumotlarni tahlil qilish, sunʼiy intellekt vositalaridan ilmiy tadqiqotlarda samarali foydalanish va nufuzli jurnallarda nashr etish jarayonlariga oid bilimlarni egalladi.

Yozgi maktab dasturidan Scopus va Web of Science bazalarida indeksatsiya qilinuvchi jurnallarni tanlash, ilmiy nashrlar sifatini baholash, “yirtqich” jurnallarni aniqlash, ekonometrik tahlil usullarini qoʻllash hamda xalqaro jurnallar talablariga muvofiq maqola tayyorlash kabi mavzular oʻrin oldi.

Tadbir doirasida qishloq aholisining hayot sifati, inson kapitali rivoji va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot masalalariga bagʻishlangan tadqiqotlarga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqaro akademik maydonda raqobatbardosh ilmiy ishlar tayyorlash uchun zarur boʻlgan amaliy koʻnikmalarga ega boʻldi.

Yozgi maktab mamlakatimizda ilm-fan va oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohang ravishda tashkil etildi. Xususan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy faoliyat sifatini oshirish va milliy ilm-fanning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz olimlarining xalqaro ilmiy faolligi sezilarli darajada oshdi. InCites analitik platformasi maʼlumotlariga koʻra, 2017-yildan buyon oʻzbekistonlik tadqiqotchilar tomonidan Web of Science bazasida indeksatsiya qilingan 17,5 mingdan ortiq ilmiy maqola va hujjatlar chop etilgan. Bu koʻrsatkich 1991–2016-yillarda qayd etilgan 12 294 ta nashrdan ancha yuqori boʻlib, mamlakatimiz ilmiy salohiyatining oʻsib borayotganini koʻrsatadi.

Taʼkidlash joizki, Ijtimoiy va inson kapitali laboratoriyasi ERGO Analytics hamda TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetining qoʻshma tashabbusi sifatida tashkil etilgan boʻlib, ilmiy tadqiqotlar sifati va nashr faoliyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Laboratoriya tomonidan 2025–2026-yillarda Scopus va Web of Science bazalarida indeksatsiya qilinuvchi xalqaro jurnallar uchun 50 dan ortiq ilmiy maqola tayyorlangan, 100 dan ziyod ilmiy seminar va treninglar oʻtkazilgan. Ularda 2 ming nafardan ortiq doktorant, talaba va professor-oʻqituvchilar ishtirok etgan.

Yozgi maktab mashgʻulotlarini iqtisodchi olim va tadqiqotchi Rauf Salaxodjayev, iqtisodchi olim Bekzod Alimov, akademik ingliz tili mutaxassisi Iroda Saidazimova, maʼlumotlar tahlili boʻyicha ekspert Ilya Asminkin hamda iqtisodchi tadqiqotchi Dostonbek Eshpulatov olib bordi.

Mazkur Yozgi maktab mamlakatimizda xalqaro darajada raqobatbardosh ilmiy muhitni shakllantirish, tadqiqotchilarning ilmiy yozish madaniyatini rivojlantirish va oʻzbek olimlarining jahon akademik hamjamiyatiga integratsiyalashuvini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.