“O‘zsuvqurilish” aksiyadorlik jamiyatida bitiruv malakaviy ishlar himoyasi
10.06.2026
2026 yil 9 iyun kuni Gidromelioratsiya fakulteti 60812400 – Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalashtirish bakalavr ta’lim yo‘nalishi talablarining yakuniy davlat attestatsiyasi – bitiruv malakaviy ishi himoyasi “O‘zsuvqurilish” aksiyadorlik jamiyatida tashkil etildi.
Bitiruv malakaviy ishi himoyasi jarayonida universitet rektori buyrug‘i bilan tarkibi tasdiqlangan davlat attestatsiya komissiyasi raisi va a’zolari, aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari va kafedra professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Himoya jarayonida bitiruvchi talabalar tomonidan belgilangan talablar doirasida rasmiylashtirilgan bitiruv malakaviy ishlari doirasida shakllantirilgan prezentatsiyalar yordamida ma’ruzalar qilindi va ular o‘zlari tomonidan yaratilgan tavsiyalarning mazmun mohiyatini batafsil yoritib berishdi.
Bitiruv malakaviy ishlari 3D – modellashtirish elementlarini qo‘llagan holda markazdan qochma nasos qurilmasi ishchi g’ildiragini takomillashtirish, sug‘orish kanallarida sizishga qarshi qoplamalar hosil qiluvchi mashinaning maqbul varianti bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, maydonlarini tomchilatib sug‘orish tizimi uchun avtomatik mexanizm qo‘llash, AnyLogic PLE dasturi elementlarini qo‘llagan holda qurilish va melioratsiya mashinalariga texnik servisni tashkil etish, melioratsiya va qurilish mashinalari ish jihozlari konstruksiyalarini takomillashtirish kabi mavzularda bajarilganligi va ularda turli dasturiy ta’minot elementlarining qo‘llanilganligi aksiyadorlik jamiyati mutaxassislarida iliq tassurot qoldirdi.
Himoya jarayonida “O‘zsuvqurilish” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Umarov Rustamjon Roziqovich, Gidromelioratsiya fakulteti dekani Ishchanov Javlonbek Kurbanbayevichlarning ishtiroki esa bitiruvchi talabalarning tomonidan yaratilgan tavsiyalarga bo‘lgan e’tiborning naqadar yuqoriligini ko‘rsatdi. Qator tavsiyalar ishlab chiqarish jarayoniga tadbiq qilish hamda iqtidorli talabalar esa magistraturaga o‘qishga tavsiya etildi.
Himoya jarayoni qizg‘in, bahs-munozalarga boy va o‘zaro hurmat muhitida o‘tdi. Himoya yakunida natijalar e’lon qilindi va bitiruvchilarga hayotining yangi sahifasi boshlanish ostonasida muvafaqqiyatlar tilandi.
Bitiruv malakaviy ishi himoyasini ishlab chiqarish korxonasida tashkil etishda faollik ko‘rsatgan ma’sullar hamda “O‘zsuvqurilish” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisiga kafedra va universitet jamoasi nomidan minnatdorchilik bildirildi.
GIM kafedrasi mudiri B.X.Norov ma’lumoti