"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida chorak asrlik ilmiy an’ana: XXV an’anaviy ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.

10.06.2026

#Yangilik #Ta`lim #Ma`naviy va tashkiliy

Joriy yil 9-iyun kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida mamlakatimiz qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy voqeliklardan biri - “Qishloq va suv xo‘jaligining zamonaviy muammolari” mavzusidagi yosh olimlar, magistrantlar va iqtidorli talabalarning XXV an’anaviy ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Mazkur nufuzli ilmiy forum chorak asr davomida, ya’ni 25 yildan buyon uzluksiz ravishda tashkil etib kelinmoqda va soha muammolariga innovatsion yechimlar topishda o‘ziga xos ilmiy ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Anjuman ochilish tadbirida “Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi” direktorining birinchi o‘rinbosari Ilhom Jo‘rayev va universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar va iqtidorli talabalar ishtirok etishdi.

Shuningdek, tadbirda “IT park Uzbekistan, Startap oqimini rivojlantirish bo‘limi” bosh menejeri Usmon Raximjanov ishtirok etib O‘zbekistonda Startaplarni qo‘llab-quvvatlash kompleks ekotizimi haqida amalga oshirilayotga ishlar haqida ken ma’lumotlarni berdi. Bundan tashqari, tadbirda, Shinjon ekologiya va geografiya instituti professori Xiaohui Pan va ilmiy tadqiqotchisi LI Zhongxu, Italiyanining Sapiyenza Universiteti "Laureato Eccellente" (aʼlochi bitiruvchi)si Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari kafedrasi assistenti Hofiz Ibrohimovlar o‘z ilmiy faoliyatlari va tajribalari bilan yig‘ilganlarga keng ma’lumotlar berishdi. Shu bilan bir qatorda, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti talabasi Behzod Ergashev, magiustrant Nodira Baxriddinova va Xumora Jalilovalar o‘zlarining ilmiy faoliyatida amalga oshirayotgan ishlari yangiliklarini taqdimot qilishdi.

Anjuman doirasida universitet kafedralari huzurida faoliyat olib borayotgan to‘garaklarda tayorlangan ilmiy-innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Joriy yilda anjumanga qiziqish kutilgandan ham yuqori bo‘ldi: yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talabalardan 250 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar kelib tushdi. Anjuman o‘z ishini qishloq va suv xo‘jaligining eng dolzarb muammolarini qamrab olgan 10 ta maxsus yo‘nalishda (sho‘balarda) olib bordi.

Ilmiy ishlarning nufuzini yanada oshirish va xalqaro ilmiy hamjamiyat integratsiyasini kengaytirish maqsadida, anjuman to‘plamidagi ilmiy materiallarni Google Scholar hamda boshqa nufuzli xalqaro indeksatsiya bazalarida joylashtirish rejalashtirilgan.

Taqdim etilayotgan innovatsion illmiy-amaliy tavsiyalar va ilmiy tezislar mamlakatimiz suv va qishloq xo‘jaligi sohasidagi dolzarb ekologik va texnologik muammolarni bartaraf etishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.