2026-yilda oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda

09.06.2026

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

Taqdimotda 2026-yilda 8 mingdan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

“TalabaExpo-2026” kasb koʻrgazmalarini ish beruvchi tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini faol jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham samarali tashkil etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Barcha jarayonlar bandlikka koʻmaklashuvchi “career.edu.uz” platformasi orqali monitoring qilinib, bandlikni taʼminlash masalasi mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi.

Barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilib, natijadorligiga qarab ragʻbatlantirib boriladi. Markazlar faoliyati “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali baholanib, eng yuqori natija koʻrsatgan 20 ta oliygohning karyera markazlariga 500 million soʻmdan ajratiladi.

Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkalari hamda har bir yoʻnalish kesimida mingdan ortiq ish beruvchilar bilan uchrashuvlar (vorkshoplar) tashkil etiladi.

2026/2027-oʻquv yilidan boshlab barcha oliygohlarda talabalarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida “Tadbirkorlik asoslari” fanini oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual taʼlim shaklini ham yoʻlga qoʻyish tashabbusi bildirildi.