Betakror ijodkor izidan
08.06.2026
2026-yilning 5-iyun kuni “Iqtisodiyot” fakulteti “Tillar” kafedrasi mudiri professor Sh. Abdullayeva boshchiligida o‘zbek tili fani o‘qituvchilari M. Jo‘rayeva, N. Boynazarova va M. Qo‘shnazarovalar tomonidan o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi, mohir hikoyanavis, publitsist, dramaturg hamda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirni ustozlar adibning betakror hayot yo‘li, serqirra ijodi hamda uning asarlarida ilgari surilgan insonparvarlik g‘oyalarining bugungi kun yoshlari ma’naviy kamolotidagi cheksiz ahamiyati haqidagi teran fikrlar bilan ochib berishdi. Tadbirda “Iqtisodiyot” va “Ekologiya va huquq” fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ham faol ishtirok etishdi. Ustozlar adib hayoti va ijodiy yo‘lidagi muhim burilish nuqtalari, uning asarlari yozilish tarixi bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni yodga olib, yozuvchining milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasini teran tahlillar orqali ko‘rsatib berishdi. Ayniqsa, yozuvchi asarlaridagi milliy xarakterlar, oilaviy munosabatlar va har bir satrdan ufurib turadigan olijanoblik tuyg‘ulari bugungi globallashuv davrida yoshlarimizning ma’naviy immunitetini mustahkamlashda eng ishonchli qo‘llanma bo‘la olishi ta’kidlab o‘tildi. Bundan tashqari uning xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan asarlarida aks etgan hayotiy haqiqatlar, har bir kitobxonni chuqur mushohada yuritishga va ezgulikka undashi alohida e’tirof etildi, shuningdek, yozuvchining “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi”, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”, “Tushda kechgan umrlar” kabi asarlaridagi qalb manzaralari, chinakam insoniylikni ulug‘lovchi g‘oyalar, ayol obrazi va adibning iztiroblari, quvonchlari, xulosalari talaba-yoshlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
Adib romanlarida ilgari surilgan vijdon erkinligi, halollik va insoniylik falsafasi bugungi kun yoshlarini hayotda to‘g‘ri yo‘l topishga, har qanday vaziyatda ham o‘zligini yo‘qotmaslikka chorlaydi. Binobarin, uning asarlari talaba-yoshlar qalbida ota-onaga bo‘lgan cheksiz hurmat, qon-qardoshlik rishtalarini qadrlash hamda milliy urf-odatlarimizga sadoqat ruhini shakllantiruvchi chinakam ma’naviyat darsligidir.
Uchrashuv so‘nggida so‘zga chiqqan ustozlar O‘tkir Hoshimov qoldirgan o‘lmas adabiy meros bugun ham eng ko‘p mutolaa qilinayotgan durdonalar qatorida turganini alohida ta’kidlab, adib ijodini o‘rganish ma’naviy ehtiyoj ekanligini ko‘rsatib o‘tishdi. Zero, o‘z ijodida xalqning dardu quvonchini samimiy tasvirlagan chinakam iste’dod sohiblarining ijodiy umri boqiy bo‘ladi, ular yozgan satrlar esa har bir yangi avlod uchun ezgulik, insonparvarlik va milliy o‘zlikni anglash maktabi vazifasini o‘taydi. Universitetimizda an’anaga aylangan, yoshlarni adabiyotni sevishga hamda milliy qadriyatlarni chuqur his etishga undaydigan bunday xotira tadbirlari talabalarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga hamda ma’naviy olamini boyitishga xizmat qilishi bilan g‘oyat ahamiyatlidir.
“Iqtisodiyot” fakulteti “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi M. Qo‘shnazarova axboroti
Universitet matbuot xizmati