«Davrlar muloqoti» – jahon adabiyoti orqali ma'naviyat, mutolaa va tafakkur tarbiyasi
05.06.2026
2026 yil 4 iyun kuni «TIQXMMI» Milliy
tadqiqot universiteti Iqtisodiyot fakultetining «Filologiya va tillarni
o‘qitish (rus tili)» ta'lim yo‘nalishi talabalari ishtirokida «Диалоги эпох» («Davrlar muloqoti») nomli badiiy-adabiy
kecha tashkil etildi.
Kecha davomida talabalar jahon
adabiyotining turli davrlariga mansub mashhur adib va mutafakkirlar ijodini
tahlil qilib, ularning asarlarida ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalar,
ma'naviy qadriyatlar va hayotiy qarashlar haqida fikr almashdilar. Tadbirda
qadimgi davr mutafakkirlari merosi, klassik adabiyot namoyandalari ijodi hamda
zamonaviy adabiy jarayonlarga oid chiqishlar namoyish etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi talabalarning
jahon adabiyoti bo‘yicha egallagan bilimlarini mustahkamlash, ularning
badiiy-estetik dunyoqarashini kengaytirish, kitobxonlik madaniyatini
yuksaltirish hamda yoshlarda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishdan
iborat bo‘ldi.
Xorij talabalarining bir yil davomida
jahon adabiyoti namunalarini rus tilida o‘rganish jarayonida orttirgan bilim va
ko‘nikmalari mazkur kechada o‘z ifodasini topdi. Ishtirokchilar insoniyat
badiiy tafakkurining boyligi, turli xalqlar madaniyati va ma'naviy merosining
o‘ziga xos jihatlarini keng yoritib berdilar.
Tadbir talabalarda kitob mutolaasiga
bo‘lgan qiziqish va motivatsiyani yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Jahon
adabiyoti durdonalarini o‘qish va tahlil qilish orqali yoshlarda turli
millatlar madaniyati, urf-odatlari, ma'naviy qadriyatlari hamda hayot
falsafasini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish shakllandi. Bu esa talabalarning
madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, bag‘rikenglik va
umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalanishida muhim ahamiyat kasb
etadi.
Universitetda muntazam ravishda tashkil
etilayotgan bunday ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar yoshlarning kitobxonlik
madaniyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish,
mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda adabiyot va ilm-fanga
bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar tomonidan
jahon adabiyoti namunalarini o‘rganish nafaqat til va adabiyot sohasidagi
bilimlarni boyitish, balki insonning ma'naviy kamolotiga xizmat qilishi alohida
ta'kidlandi.
Badiiy-adabiy kecha talabalarning ijodiy va intellektual salohiyatini
namoyon etuvchi, kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi muhim ma'rifiy tadbir sifatida
yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar munosib rag‘batlantirildi.
Xususan, Iqtisodiyot fakulteti dekani Alimov Uchqun Zoirovich hamda
«Tillar » kafedrasi mudiri Sh.A. Abdullaeva tomonidan talabalarning badiiy
asarlar asosida tayyorlagan sahna ko‘rinishlari va ijodiy chiqishlari yuqori
baholandi. Eng faol va iqtidorli ishtirokchilar sertifikatlar hamda faxriy
yorliqlar bilan taqdirlandilar.
Mazkur rag‘batlantirish talabalarning bilim olishga bo‘lgan intilishini
yanada kuchaytirish, ularda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ijodiy
fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ma'naviy-axloqiy kamolotga
erishishlarida muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Shuningdek, bunday e'tirof
yoshlarni jahon adabiyoti durdonalarini chuqurroq o‘rganishga, mustaqil
mutolaaga va o‘z ustida muntazam ishlashga undaydi. Bu esa o‘z navbatida,
talabalarning intellektual salohiyatini yuksaltirish va ularni har tomonlama
barkamol shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.