«Davrlar muloqoti» – jahon adabiyoti orqali ma'naviyat, mutolaa va tafakkur tarbiyasi

05.06.2026

#Ma`naviy va tashkiliy

2026 yil 4 iyun kuni «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot fakultetining «Filologiya va tillarni o‘qitish (rus tili)» ta'lim yo‘nalishi talabalari ishtirokida «Диалоги эпох» («Davrlar muloqoti») nomli badiiy-adabiy kecha tashkil etildi.

Kecha davomida talabalar jahon adabiyotining turli davrlariga mansub mashhur adib va mutafakkirlar ijodini tahlil qilib, ularning asarlarida ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalar, ma'naviy qadriyatlar va hayotiy qarashlar haqida fikr almashdilar. Tadbirda qadimgi davr mutafakkirlari merosi, klassik adabiyot namoyandalari ijodi hamda zamonaviy adabiy jarayonlarga oid chiqishlar namoyish etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi talabalarning jahon adabiyoti bo‘yicha egallagan bilimlarini mustahkamlash, ularning badiiy-estetik dunyoqarashini kengaytirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda yoshlarda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Xorij talabalarining bir yil davomida jahon adabiyoti namunalarini rus tilida o‘rganish jarayonida orttirgan bilim va ko‘nikmalari mazkur kechada o‘z ifodasini topdi. Ishtirokchilar insoniyat badiiy tafakkurining boyligi, turli xalqlar madaniyati va ma'naviy merosining o‘ziga xos jihatlarini keng yoritib berdilar.

Tadbir talabalarda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqish va motivatsiyani yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Jahon adabiyoti durdonalarini o‘qish va tahlil qilish orqali yoshlarda turli millatlar madaniyati, urf-odatlari, ma'naviy qadriyatlari hamda hayot falsafasini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish shakllandi. Bu esa talabalarning madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Universitetda muntazam ravishda tashkil etilayotgan bunday ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda adabiyot va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar tomonidan jahon adabiyoti namunalarini o‘rganish nafaqat til va adabiyot sohasidagi bilimlarni boyitish, balki insonning ma'naviy kamolotiga xizmat qilishi alohida ta'kidlandi.

Badiiy-adabiy kecha talabalarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etuvchi, kitobxonlikni targ‘ib qiluvchi muhim ma'rifiy tadbir sifatida yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar munosib rag‘batlantirildi. Xususan, Iqtisodiyot fakulteti dekani Alimov Uchqun Zoirovich hamda «Tillar » kafedrasi mudiri Sh.A. Abdullaeva tomonidan talabalarning badiiy asarlar asosida tayyorlagan sahna ko‘rinishlari va ijodiy chiqishlari yuqori baholandi. Eng faol va iqtidorli ishtirokchilar sertifikatlar hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Mazkur rag‘batlantirish talabalarning bilim olishga bo‘lgan intilishini yanada kuchaytirish, ularda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ma'naviy-axloqiy kamolotga erishishlarida muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Shuningdek, bunday e'tirof yoshlarni jahon adabiyoti durdonalarini chuqurroq o‘rganishga, mustaqil mutolaaga va o‘z ustida muntazam ishlashga undaydi. Bu esa o‘z navbatida, talabalarning intellektual salohiyatini yuksaltirish va ularni har tomonlama barkamol shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.