Xalqaro akkreditatsiya masalalari muhokama qilindi

04.06.2026

#Xalqaro hamkorlik

2026-yil 4-iyun kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida Germaniyaning nufuzli xalqaro akkreditatsiya agentligi - FIBAA (Foundation for International Business Administration Accreditation) vakillari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi mutaxassislari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda FIBAA boshqaruvchi direktori Dr. Nina Rotermund, xalqaro akkreditatsiya jarayonlari bo‘limi rahbari Ms. Yuliia Bleshmud, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi Strategik rivojlantirish va xalqaro hamkorlik guruhi rahbari R.Abduraxmonova, bosh inspektor O.Tanbayev, shuningdek universitet rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Muloqot davomida universitetning ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, sifatni ichki ta’minlash tizimini rivojlantirish hamda FIBAA agentligi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, xalqaro akkreditatsiya jarayonlarining bosqichlari, baholash mezonlari, ta’lim dasturlarining xalqaro tan olinishi va mehnat bozori talablariga mosligini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv davomida ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, talabalar va bitiruvchilarning kompetensiyalarini xalqaro mezonlar asosida baholash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayonida manfaatdor tomonlar, xususan ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, universitetda sifat madaniyatini yanada rivojlantirish va xalqaro akkreditatsiya talablari asosida ta’lim jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

FIBAA vakillari tomonidan agentlikning akkreditatsiya talablari, baholash mexanizmlari va xalqaro tajribasi haqida taqdimot qilinib, ta’lim dasturlarini xalqaro darajada tan olinadigan sifat standartlariga moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Tomonlar kelgusida universitetning tegishli ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish imkoniyatlari hamda bu boradagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Xalqaro akkreditatsiya ta’lim sifatini oshirish, universitetning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va bitiruvchilarning global mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta’minlashning muhim omillaridan biridir.