Turkiy xalqlar do‘stligi va hamkorligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam.
03.06.2026
Joriy yilning 3-iyun kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Madaniyat saroyida Turkmaniston Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi bilan hamkorlikda Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Ozarbayjon Respublikalarining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchilari, diplomatik korpus vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tantanali marosimni Turkmaniston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Meredov Shadurdy Oveznepesovich hamda universitet rektori Bahodir Suyunovich Mirzayev ochib berdilar. O‘z nutqlarida ular O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik hamkorlik munosabatlari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-ta’limiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etildi.
Tadbir davomida qardosh xalqlarning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va an’analarini aks ettiruvchi badiiy chiqishlar, musiqiy va raqs dasturlari namoyish etildi. Konsert dasturi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik g‘oyalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbirda taniqli estrada xonandalari Karimboy Rahmonov hamda Faxriddin Hamdamovlar ham ishtirok etib, o‘zlarining kuy-qo‘shiqlari bilan bayramona tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladilar.
Mazkur tadbir ikki qardosh davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.