“Oila - muqaddas” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

03.06.2026

#Yangilik #Ma`naviy va tashkiliy

Kecha “Xalqaro oila kuni"ni keng nishonlash hamda 1-maydan 30-maygacha “Oilamiz - kelajagimiz” oyligi doirasida “Energetika” fakulteti talaba-qizlari o‘rtasida, 4-talabalar turar joyida “Oila - muqaddas” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirga fakultetning “Eng faol yil talabasi” tanlovi g‘olibasi,  Abdulla Oripov nomidagi stipendiat  G.To‘xtaboyeva hamda uning oilasi taklif etildi. G.To‘xtaboyeva  o‘zining ta’lim va ilmiy faoliyatidagi yutuqlari, ularga erishishda oilaning, xususan onasining qo‘llab-quvvatlashi muhim omil bo‘layotganini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, yoshlarni bilim olishga, o‘z ustida muntazam ishlashga va oilaviy qadriyatlarni qadrlashga chaqirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan G.To’xtaboyevaning onasi M.Ashirova farzand tarbiyasidagi tajribalari, oilada sog‘lom muhit yaratishning ahamiyati va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Talaba-qizlar esa o‘zlarining kelajakdagi maqsadlari, erishayotgan yutuqlari va ota-onalariga bo‘lgan minnatdorlik tuyg‘ularini izhor etdilar.

Suhbat davomida universitet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi U. Sangirova so‘zga chiqib, oilaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va ma’naviy kamolotini ta’minlash masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, talaba-qizlarni ilm-fan, kasbiy faoliyat va jamoat ishlarida yanada faollik ko‘rsatishga chaqirdi.

Tadbir davomida universitet psixologi D.Yusupova so‘zga chiqib, oilada sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni shakllantirish, ota-ona va farzand o‘rtasidagi o‘zaro ishonch hamda muloqotning ahamiyati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, talaba-yoshlarga stresslarni boshqarish, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talaba-qizlar va onalarga “Energetika” fakulteti jamoasi tomonidan tashakkurnomalar topshirildi. Mazkur tadbir “Oilamiz - kelajagimiz” oyligi doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda yoshlar orasida oilaviy qadriyatlarni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi Ch.Oxunboboyeva axboroti

Universitet axborot xizmati