Italiyaning eng nufuzli oliygohlaridan biri – Rim Sapienza Universitetidan quvonchli xabar.

02.06.2026

#Rektordan #Ta`lim #Yangilik

Universitetimizning "Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari" kafedrasi assistent-o‘qituvchisi Hofiz Ibrohimov Rim Sapienza Universitetining bosh binosida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda eng oliy akademik e’tirof – "Laureato Eccellente" (A’lochi bitiruvchi) mukofoti bilan taqdirlandi.

Shuni alohida ta’kidlashimiz joizki, mazkur nufuzli mukofotga har yili o‘qishni muddatida va faqat eng yuqori baholar bilan tamomlagan jami bitiruvchilarning bor-yo‘g‘i 2 foizigina loyiq ko‘riladi.

Turli davlatlardan tashrif buyurgan yosh olimlarni ushbu muvaffaqiyat bilan Rim Sapienza Universiteti rektori Antonella Polimeni, Sapienza jamg‘armasi prezidenti Eugenio Gaudio hamda Italiya Konstitutsiyaviy sudi prezidenti Giovanni Amorosolar shaxsan qutladilar.

Jamoamiz vakilining xalqaro maydondagi ushbu yutug‘i – universitetimiz ilmiy salohiyatining yana bir yorqin isbotidir. Yosh olim va mahoratli pedagog Hofiz Ibrohimovga ushbu yuksak e’tirof muborak bo‘lsin!

Ilmiy izlanishlar va ta’lim fidoiyligi yo‘lidagi kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.