“Interdisciplinary Applications of GIScience” mavzusida yozgi maktab tashkil etildi
02.06.2026
2026-yil 20–22-may kunlari “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Geoinformatika qo‘shma tadqiqotlar markazida “Interdisciplinary Applications of GIScience” (GIScience’ning fanlararo qo‘llanilishi) mavzusida xalqaro yozgi maktab tashkil etildi.
Mazkur yozgi maktabda “Geodeziya va geoinformatika”, “Yer resurslarini boshqarish” mutaxassisliklari magistrantlari, “Geoinformatika” ixtisosligi bo‘yicha tahsil olayotgan PhD tadqiqotchilari hamda professor-o‘qituvchilar faol ishtirok etdilar.
Yozgi maktab mashg‘ulotlari Avstriyaning Paris Lodron University of Salzburg (PLUS) universiteti professori, geoinformatika va masofadan zondlash sohasidagi mutaxassis Prof. Shahnawaz tomonidan olib borildi. Seminar davomida GIScience fanining turli ilmiy yo‘nalishlardagi qo‘llanilishi, masofadan zondlash texnologiyalarining zamonaviy tendensiyalari, optik va radar sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatlari, iqlim o‘zgarishi monitoringi, atmosfera ifloslanishini baholash hamda ekologik jarayonlarni kuzatish masalalari keng yoritildi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar ArcGIS Pro dasturining ModelBuilder moduli yordamida geoma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash usullari bilan tanishdilar. Shuningdek, NASA NEO platformasidan olingan masofadan zondlash ma’lumotlari asosida Aerosol Optical Depth (AOD), Land Surface Temperature (LST), Rainfall hamda Cloud Water Content kabi muhim ekologik va meteorologik ko‘rsatkichlarni tahlil qilish bo‘yicha amaliy topshiriqlar bajarildi.
Yozgi maktab doirasida ma’lumotlar bazasini shakllantirish, raster ma’lumotlarni qayta ishlash, tasniflash (classification), qayta tasniflash (reclassification), fazoviy tahlillarni amalga oshirish va natijalarni GIS muhitida vizuallashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar GIScience, masofadan zondlash va geoma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar yuzasidan yangi bilim va tajribalarga ega bo‘ldilar. Mazkur yozgi maktab universitetda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda geoinformatika yo‘nalishidagi zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirishga xizmat qildi.