O‘zbekiston talabalari Belarusdagi yirik sanoat korxonasida amaliyot o‘tamoqda
01.06.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 apreldagi PQ-122-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda talabalarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini xalqaro tajriba asosida mustahkamlash maqsadida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Universitet hamda Belorussiya Respublikasining MTZ (Minsk traktor zavodi) o‘rtasida imzolangan memorandum va talabalar amaliyotini tashkil etish bo‘yicha tuzilgan shartnoma asosida “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakultetining 3-bosqich 20 nafar talabasi 2026 yil 30 may kuni Belorussiya Respublikasiga 3 oylik ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun jo‘natildi.
Amaliyot davomida talabalar MTZ zavodining ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etib, payvandlash, slesarlik ishlari, traktor qismlarini yig‘ish, sinash, diagnostika qilish hamda mahsulot sifatini nazorat qilish jarayonlarida faol ishtirok etadilar. Bu esa ularga zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirish, amaliy tajriba to‘plash va xalqaro mehnat muhitida faoliyat yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish imkonini beradi.
Shartnoma talablariga muvofiq, amaliyot davomida talabalar zavod tomonidan yotoq joyi, maxsus ish kiyimi va oylik ish haqi bilan ta’minlanadi.
Mazkur amaliyot talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ularning kasbiy mahoratini oshirish hamda raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.