TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetida SOcFARm va GEOAI xalqaro loyihalari doirasida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi

01.06.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim #Yangilik

2026-yil 29-may kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Geoinformatika qo'shma tatqiqotlar markazida SOcFARm va GEOAI xalqaro qo‘shma loyihalari doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, masofadan zondlash ma’lumotlari hamda GeoAI yechimlaridan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarda O‘zbekiston, Vengriya va Eronning yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, olimlar va mutaxassislar ishtirok etdilar.

Tadbirning ochilish marosimida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Shukhrat Shokirov hamda Nyíregyháza universitetining xalqaro aloqalar va innovatsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Zoltán Kovács so‘zga chiqib, ilm-fan va ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb ahamiyati haqida fikr bildirdilar.

Seminar davomida qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni qo‘llashga oid qator ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Xususan, tritikale hosildorligini vegetatsiya indekslari asosida baholash, qishloq xo‘jaligi maydonlarini chuqur o‘qitish (Deep Learning) texnologiyalari yordamida monitoring qilish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va mashinaviy o‘qitish usullari asosida hosildorlikni prognozlash hamda uchuvchisiz uchish apparatlari (UAV) yordamida masofaviy tahlil qilish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari taqdim etildi.

Tadbir doirasida “Iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligini masofadan zondlash, meteorologik ma’lumotlar va GeoAI metodlarini integratsiyalash orqali rivojlantirish” mavzusidagi ma’ruza alohida qiziqish uyg‘otdi. Unda geoma’lumotlar, sun’iy intellekt va meteorologik kuzatuvlar asosida qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish imkoniyatlari keng yoritib berildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish hamda xalqaro grantlar doirasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, Vengriyaning Nyíregyháza universitetidan tashrif buyurgan olimlar “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Ilmiy-o‘quv dala tajriba maydonida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlari bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, tajriba-sinov ishlari hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida universitet olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy ishlanmalar va innovatsion yechimlar haqida batafsil ma’lumot berildi hamda kelgusida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish va akademik hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur seminar universitetda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish borasidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.