O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 apreldagi PQ–122-sonli qarori ijrosini ta’minlash doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Gidrotexnika qurilishi fakultetida amaliy ta’limni rivojlantirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

26.05.2026

#Rektordan #Ta`lim #Yangilik

Joriy yilning 25 may kuni Gidrotexnika qurilishi fakultetining “Gidroenergetika” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalarining navbatdagi guruhi dual ta’lim tizimi asosida Namangan viloyatida joylashgan Norin GESlar kaskadining GES-2 va GES-3 bosqichlarida barpo etilayotgan gidroelektr stansiyasi qurilishi ob’ektlariga 6 oylik ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun yuborildi.

Amaliyot va nazariyaning uzviy uyg‘unligiga asoslangan dual ta’lim tizimi talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, ular oliy ta’lim jarayonida olgan nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish muhitida mustahkamlash, zamonaviy qurilish texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirish hamda gidrotexnika inshootlarini barpo etishning ilg‘or usullarini amalda o‘rganish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.

Eng muhimi, mazkur tizim bo‘lajak muhandis kadrlarni tayyorlashning samarali mexanizmi sifatida o‘zini namoyon etmoqda. Ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi mustahkam integratsiya yuqori malakali, raqobatbardosh va zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu amaliyot davomida talabalar Turkiya, Xitoy va Eron davlatlaridan tashrif buyurgan xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda faoliyat yuritib, xalqaro tajribani o‘rganish, kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunday amaliy va xalqaro tajriba kelajakda ularning nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham muvaffaqiyatli mehnat faoliyati olib borishlari uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Gidrotexnika qurilishi fakultetida joriy etilayotgan dual ta’lim tizimi ta’lim sifati va ishlab chiqarish samaradorligini uyg‘unlashtirgan holda soha uchun yetuk, tashabbuskor va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.