Sirdaryo viloyatida suv xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish va suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy-amaliy ishlar davom etmoqda.

26.05.2026

#Rektordan #Yangilik

Sirdaryo viloyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–122-son qarori ijrosini ta’minlash hamda suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” doirasida Sirdaryo viloyatining Sayhunobod, Xovos, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida kompleks o‘rganish va amaliy ishlar olib borildi.

Mazkur jarayonlarda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti olimlari ishtirok etib, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, raqamli suv boshqaruvini joriy etish, suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish va gidrotexnik infratuzilmalar samaradorligini oshirish bo‘yicha tahlillar amalga oshirildi.

- Sayhunobod tumanida magistral va ichki kanallarni betonlashtirish, gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash hamda raqamli suv boshqaruvi tizimlarini joriy etish ishlari o‘rganildi. Kanallarda suv yo‘qotishlarini kamaytirish, suv o‘tkazish qobiliyatini oshirish va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini kengaytirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berildi.

- Xovos tumanida 1959 yilda ishga tushirilgan “Nurafshon” nasos stansiyasining texnik holati atroflicha tahlil qilinib, uni modernizatsiya qilish va energiya samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

- Mirzaobod tumanida suv ta’minoti barqaror bo‘lmagan hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ta’minlash maqsadida 60 ming m³ sig‘imli kichik suv hovuzini barpo etish loyihasi o‘rganildi. Mazkur hovuz orqali novegetatsiya davrida suv zaxirasini shakllantirish va suv taqchilligini kamaytirish rejalashtirilgan.

- Oqoltin tumanida ichki kanallarni betonlashtirish, sug‘orish tarmoqlari va gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash, raqamli qurilmalarni joriy etish hamda suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish ishlari tahlil qilindi. Ilmiy kuzatuvlar davomida hududning tuproq-meliorativ holati, suv ta’minoti barqarorligi va fermerlarning amaliy ko‘nikmalarini inobatga olgan holda texnologiyalarni joriy etish muhimligi ta’kidlandi.

Zamonaviy va ilmiy asoslangan yondashuvlar orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya tejamkorligini oshirish hamda agrar sohada barqaror rivojlanishni ta’minlash asosiy maqsad etib belgilangan.

Olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida suv resurslarini tejash, sug‘orish tizimlari samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.