Navoyi viloyatining Xatirchi tumanida suv resurslaridan samarali foydalanish va energiya tejamkorlik imkoniyatlari o‘rganildi.

26.05.2026

#Rektordan #Yangilik

Navoyi viloyati 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 122-sonli qarori ijrosi doirasida tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida suv resurslaridan samarali foydalanish hamda nasos orqali suv yetkazib berish tizimlarida energiya sarfini kamaytirish imkoniyatlari bo‘yicha ilmiy-amaliy o‘rganishlar amalga oshirildi.

Ushbu jarayonda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professori, Navoiy viloyati hokimining ilmiy maslahatchisi A. Fatxulloev, Boshqaruv samaradorligini agentligi Navoiy viloyati hududiy filiali rahbari Z. Sultonov, Xatirchi tumani hokimligi bosh mutaxassisi V. Avlonov hamda viloyat va tuman suv xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘rganishlar davomida Ko‘ksaroy suv ombori va TOS nasos stansiyasining ko‘p yillik ishlash rejimi va energiya sarfi ma’lumotlari tahlil qilindi.

Tahlillar asosida Ko‘ksaroy suv omborining loyihaviy hajmi 7,5 mln m³ni tashkil etishi, suvliligi yuqori bo‘lgan yillarda esa omborga kelib tushayotgan suv hajmi 12 mln m³gacha yetishi mumkinligi hamda suv omboriga biriktirilgan sug‘oriladigan maydonlar hajmi 1600 gektarni tashkil etishi inobatga olinib, mavjud suv resurslaridan yanada samarali foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, jami 6 ta nasos agregatidan iborat TOS nasos stansiyasining umumiy quvvati 2500 kVt/soatni, suv chiqarish qobiliyati esa 3,6 m³/sekundni tashkil etishi hamda nasos stansiyasi orqali 1913 gektar sug‘oriladigan maydon suv bilan ta’minlanayotgani tahlil qilindi.

Dastlabki tahliliy o‘rganishlar natijasida Ko‘ksaroy suv ombori tashlamalarini mavjud sug‘orish tarmoqlari bilan integratsiya qilish suv resurslaridan samarali foydalanish, nasos stansiyalarining energiya sarfini kamaytirish hamda suv ta’minoti barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi bildirildi.

Zero, suv xo‘jaligi tizimida ilmiy asoslangan yondashuvlar, zamonaviy gidrotexnik infratuzilmalar va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hududlarda suv ta’minoti barqarorligini ta’minlash hamda agrar tarmoq samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.