Biturvchilarning bandligi ta’minlanmoqda

25.05.2026

#Ta`lim

2026 - yil 21–22 may kunlari «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti «Yer resurslari va kadastr» fakultetida bitiruvchi talabalarni kelgusida ish bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan muhim uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirda Davlat kadastrlari palatasi markaziy apparatidan rahbar va malakali mutaxassislar ishtirok etishdi.

Tashrif davomida “Kadastr (faoliyat turlari bo‘yicha)” hamda “Yer kadastri va yer tuzish” ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalari bilan ochiq muloqotlar, suhbatlar va mutaxassislik fanlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkazildi. Jarayon davomida talabalar o‘zlarining nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari hamda kasbiy salohiyatlarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, test sinovlari natijalari asosida bitiruvchilarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hududlaridagi tizim tashkilotlariga ishga joylashtirish masalalari yuzasidan individual suhbatlar olib borildi. Bu esa yosh mutaxassislarning kelgusidagi mehnat faoliyatini aniq yo‘naltirish, ularni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir davomida fakultetning barcha bitiruvchi kurs talabalari katta qiziqish va yuqori faollik bilan ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatlarini namoyish etdilar. Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, talabalar hamda soha mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro fikr almashish uchun samarali maydon vazifasini bajardi.

             Mazkur hamkorlik uchrashuvi oliy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda yosh mutaxassislarni amaliy faoliyatga samarali yo‘naltirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

«Davlat kadastrlari» kafedrasi axboroti
Universitet matbuot xizmati