“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Xitoydagi “Study in Uzbekistan” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda

23.05.2026

#Xalqaro hamkorlik

Xitoy Xalq Respublikasining Xi’an shahrida “Uchinchi Xitoy–O‘zbekiston hududlararo hamkorlik forumi” doirasida tashkil etilgan “Study in Uzbekistan” milliy ta’lim ko‘rgazmasi rasman bo‘lib o‘tmoqda. 

Mazkur nufuzli xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshchiligida respublikaning 43 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasi o‘zining ta’lim dasturlari, ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarini namoyish etmoqda.Ushbu xalqaro ta’lim ko‘rgazmasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti vakillari — Nodir Eshpo‘latov hamda Xojiakbar Xasanov universitetning ta’lim va ilmiy imkoniyatlarini ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar hamda xalqaro hamkorlarga faol tarzda tanishtirmoqda.

Ko‘rgazma davomida universitetning ilmiy-texnik salohiyati, zamonaviy ta’lim dasturlari, innovatsion loyihalari, xalqaro ilmiy hamkorlik faoliyati hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan qulay sharoitlar keng targ‘ib qilinmoqda. Xususan, geoinformatika, suv resurslarini boshqarish, gidrotexnika inshootlari, raqamli texnologiyalar va barqaror rivojlanish yo‘nalishlaridagi ilmiy ishlanmalar xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.Tadbir doirasida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlari vakillari o‘rtasida uchrashuvlar, taqdimotlar, hamkorlik muzokaralari hamda istiqbolli loyihalar yuzasidan samarali muloqotlar olib borilmoqda.

 Shuningdek, universitetlar o‘rtasida yangi hamkorlik memorandumlari, akademik almashinuv dasturlari va qo‘shma ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, Chang‘an University, Xi’an Technological University, Xi’an University of Science and Technology hamda Shandong Province Industry-Education Integration Comprehensive Service Platform tashkiloti bilan ta’lim almashinuv dasturlari, ilmiy hamkorlik, ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasi hamda istiqbolli loyihalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.“Study in Uzbekistan” milliy ta’lim ko‘rgazmasi O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xorijiy talabalarni jalb qilish hamda ilmiy va akademik hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishda muhim xalqaro platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.