Universitetda “Karera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi

22.05.2026

#Ta`lim

Universitetda “Karera kuni” mehnat yarmarkasi yuqori saviyada va samarali tarzda tashkil etildi. Mazkur tadbir talabalar va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda mehnat bozoridagi talab va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi. Yarmarkada respublika va hududlarda faoliyat yuritayotgan 150 dan ortiq korxona, tashkilot va muassasalar vakillari ishtirok etib, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ishlab chiqarish amaliyoti hamda o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etdilar.

Tadbir jarayonida talabalar va bitiruvchilar ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish, o‘z mutaxassisliklari va qiziqishlariga mos ish o‘rinlari bilan tanishish, shuningdek, kelajakdagi mehnat faoliyati uchun muhim bo‘lgan tavsiya va maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularning bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

“Karera kuni” mehnat yarmarkasi universitet va ish beruvchi tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, talabalarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash hamda ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashishda samarali platformaga aylandi. Tadbir ishtirokchilari ushbu tashabbusni yuqori baholab, bunday amaliy va manfaatli uchrashuvlarni doimiy ravishda tashkil etish muhim ekanini ta’kidladilar.