20 may — Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan O‘zbekistonda ilk bor “Birlamchi nisbiy namlik birligi etaloni” laboratoriyasi ishga tushirildi.

22.05.2026

#Rektordan #Yangilik

Tantanali ochilish marosimida Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Texnik jihatdan tartibga solish agentligi” direktori Akmal Jumanazarov hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti rektori Bahodir Mirzaev ishtirok etdi.

Mazkur loyiha mamlakatimizda o‘lchashlar tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, ishlab chiqarish va ilmiy sohalarda aniqlikni ta’minlashga qaratilgan muhim amaliy qadamlardan biri hisoblanadi. Laboratoriyada joriy etilgan namlik etaloni esa ushbu yo‘nalishdagi ilmiy ishlanmalar natijasi bo‘lib, uning muallifi Qalandarov P.I. hisoblanadi.

Laboratoriya Innovatsion rivojlanish agentligi hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, u zamonaviy talablarga javob beradigan ilmiy-texnik bazani o‘z ichiga oladi.

Yangi etalon neft-gaz, kimyo, metallurgiya, farmasevtika va tibbiyot kabi tarmoqlarda namlik hamda shudring nuqtasi ko‘rsatkichlarini yuqori aniqlikda o‘lchash imkonini beradi.

Shu bilan birga, mazkur laboratoriya o‘lchash natijalarining xalqaro darajada tan olinishini ta’minlab, O‘zbekistonning xalqaro metrologik hamkorlikdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.

Bu esa o‘z navbatida mahalliy mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil bo‘ladi.