Prezident qarori ijrosi amalda: universitetga 30 dona zamonaviy dron olib kelinadi!
22.05.2026
2026 yilning 18–20 aprel kunlari "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti prorektori boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahridagi MMC kompaniyasiga amaliy tashrif bilan bo‘ldi. Tashrif doirasida universitet va MMC kompaniyasi o‘rtasida qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida raqamli texnologiyalar, xususan dron texnologiyalarini keng joriy etish, mutaxassislar tayyorlash va texnik servis xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

- Dastlabki bosqichda universitetga 30 dona zamonaviy dron olib kelish rejalashtirilgan;
- Dronlar orqali qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlariga innovatsion xizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- Universitet bazasida dronlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash laboratoriyasi tashkil etiladi;
- Xalqaro standartlar asosida dron pilotlarini tayyorlash dasturi ishlab chiqiladi;
- Kelgusida respublika miqyosida agrar sohada dron xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.
Mazkur tashabbuslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 apreldagi PQ–122-son qarori ijrosini ta’minlash, agrar ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligini raqamlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu hamkorlik — universitetning xalqaro innovatsion markaz sifatidagi nufuzini yanada oshirish, talabalar va mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda mamlakatimiz agrar sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish yo‘lidagi muhim qadamdir.