Suv xo‘jaligi sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi
21.05.2026
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida suv xo‘jaligi sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda oliygoh rahbariyati hamda dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.
Muzokaralarda Avstraliyaning nufuzli “Rubicon Water” kompaniyasi mintaqaviy vakili Piter Pelisaar hamda “Inverson Technologies” SA kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Maksim Sidorov qatnashdi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida strategik sheriklikni mustahkamlovchi uch tomonlama memorandum imzolandi.
Mazkur kelishuv doirasida:
— universitetning iqtidorli talabalari va yosh olimlari “Rubicon Water” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga jalb etiladi;
— o‘quv-tajriba xo‘jaligida suv resurslarini intellektual boshqarish tizimlari joriy qilinib, onlayn rejimida tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyati yaratiladi;
— laboratoriyalar zamonaviy uskunalar va yuqori texnologik qurilmalar bilan jihozlanadi.
Uchrashuv davomida universitet rektori mehmonlarni ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 apreldagi PQ-122-sonli qarori ijrosi doirasida talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uzviy bog‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etilganidek, talabalar uchun 6 oylik uzoq muddatli amaliyotlar tashkil etilib, ular nafaqat mamlakatimizda, balki “Rubicon” kompaniyasining Avstraliya va Xitoy ishlab chiqarish majmualarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Janob Piter Pelisaar o‘z nutqida kompaniyaning Qozog‘istondagi muvaffaqiyatli tajribalari, shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Mazkur hamkorlik suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish, sohada zamonaviy yechimlarni joriy etish hamda xalqaro talablarga javob beradigan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.