Yillar osha so‘nmagan mehr: unutilmas bitiruvchilar uchrashuvi

20.05.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

2026-yil 16-may kuni universitetimiz tarixida yana bir mehr va sadoqatga yo‘g‘rilgan, yuraklarni larzaga solgan unutilmas kun sifatida muhrlandi. 1981–1986 yillar bitiruvchilari oradan o‘tgan yillarga qaramay, yana aziz dargoh bag‘rida jam bo‘lishdi. Bu uchrashuv nafaqat do‘stlar diydori, balki yoshlik xotiralari, ustozlarga ehtirom va universitetga bo‘lgan beqiyos muhabbatning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Sobiq bitiruvchilarni kutib olish tadbiri universitetimiz asosiy kirish qismida samimiy va ko‘tarinki ruhda boshlandi. Har bir qadam, har bir nigohda yillar sog‘inichi va qalblarda yashab kelgan talaba davri xotiralari aks etib turdi.

Dastur davomida mehmonlar uchun universitet bo‘ylab maxsus sayohat tashkil etildi. Ular ta’lim maskanida yuz bergan o‘zgarishlar, yangi imkoniyatlar va zamonaviy sharoitlar bilan tanishar ekan, bir vaqtlar o‘zlari yurgan yo‘laklar, o‘tirgan auditoriyalar va orzu qilgan damlarini hayajon bilan eslashdi.

Rektorat binosida bo‘lib o‘tgan umumiy yig‘ilish esa tadbirning eng ta’sirli lahzalaridan biriga aylandi. Sobiq bitiruvchilar o‘zlariga ilm va tarbiya bergan ustozlari bilan diydorlashib, ularga samimiy minnatdorlik va ehtirom izhor etishdi. Uchrashuv davomida ustozlarga esdalik sovg‘alari topshirilib, qalblarni titratgan iliq so‘zlar aytildi. Ko‘p yillik mehnat samarasi bo‘lgan shogirdlar kamolini ko‘rish ustozlar uchun ham beqiyos baxt va iftixor bo‘ldi.

Bu uchrashuv barcha ishtirokchilar xotirasida umrbod saqlanadigan, mehr-oqibat, qadriyat va vafo tuyg‘ulariga boy unutilmas onlarga aylandi. Universitetimiz o‘z bitiruvchilari bilan faxrlanadi va ularning bu kabi uchrashuvlari azaliy qadriyatlarimiz davomiyligining yorqin namunasidir.

 

“Energetika” fakulteti tyutori B.Abdullayev axboroti

Universitet matbuot xizmati