45 yillik qadrdonlik — unutilmas uchrashuv
19.05.2026
Joriy yilning 19-may sanasida 1981-yilda universitetni tamomlagan, bugungi kundagi “Gidrotexnika qurilishi” hamda “Iqtisodiyot” fakultetlarining sobiq bitiruvchilari universitetga tashrif buyurib, talabalikning beg‘ubor va unutilmas onlariga yana bir bor qaytishdi.
Samimiy ruhda tashkil etilgan
uchrashuv universitetning Kengashlar zalida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet
rektori B.Mirzayev, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor B.Xudayarov, “GTI va MK”
kafedrasi mudiri M.Bakiyev hamda fakultet dekanlari ishtirok etdilar.

Universitet rahbariyati faxriy
bitiruvchilar bilan ochiq va samimiy muloqot olib borib, oliygohning bugungi
taraqqiyot bosqichlari, milliy va xalqaro reytinglardagi o‘rni, talabalar uchun
yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, ta’lim sifatini oshirish borasida amalga
oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda universitetda olib borilayotgan
bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida so‘z olgan
faxriy bitiruvchilar inson umrining eng oltin va unutilmas davri bo‘lgan
talabalik yillarini chuqur hayajon bilan yodga oldilar. Ular o‘z ustozlari,
talabalikdagi qadrdon do‘stlari va universitet bilan bog‘liq iliq xotiralari
bilan o‘rtoqlashdilar.

Shuningdek, sobiq
bitiruvchilar tomonidan fakultetlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. O‘z
vaqtida ularga ta’lim va tarbiya bergan professor-o‘qituvchilar yod etilib,
ularning mehnatlari uchun samimiy minnatdorlik izhor qilindi.
Tadbir yakunida mehmonlar
uchun universitet bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Faxriy bitiruvchilar
universitet muzeyi, axborot-resurs markazi, zamonaviy o‘quv binolari hamda
universitet hududida barpo etilgan yashil bog‘lar bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur uchrashuv nafaqat qadrdon kursdoshlarni yana bir davrada jamladi, balki avlodlar davomiyligi, ustoz va ta’lim maskaniga bo‘lgan sadoqat hamisha qadrlanishining yorqin ifodasiga aylandi.
Universitet matbuot xizmati