Sun’iy intellekt va suv boshqaruvi integratsiyasi: Toshkent viloyatida innovatsion sug‘orish tizimi shakllanmoqda

19.05.2026

#Ta`lim #Tadqiqotlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi PQ-122-son qarori ijrosi doirasida Toshkent viloyatida suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar hamda ularning dastlabki natijalari ilmiy soha vakillari tomonidan katta qiziqish bilan muhokama qilindi. Mazkur qaror asosida tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi doirasida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, Markaziy Osiyoda sun’iy intellekt asosida boshqariladigan raqamli va intellektual sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan amaliy ishlar hamda ularning dastlabki natijalari tahlil qilindi.


Tadqiqot va amaliy kuzatuv jarayonlarida Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi Luqmon Samiyev, TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetining professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilari hamda talabalari ishtirok etib, sohada olib borilayotgan innovatsion yechimlar va ilmiy-amaliy ishlanmalar yuzasidan fikr almashdilar.


O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sariq daryo loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda raqamli va intellektual sug‘orish (AI-Based Smart Irrigation)” amaliy-investitsion loyihasi doirasida olib borilgan dala tadqiqotlari jarayonida Piskent tumanida barpo etilayotgan gidrotexnik inshootlarning texnik holati, ularning loyiha-me’yoriy talablarga muvofiqligi hamda geodezik o‘lchovlar aniqligi ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilindi. Zamonaviy GNSS texnologiyalari hamda yuqori aniqlikka ega geodezik qurilmalari orqali qurilish jarayonlarining muhandislik-texnik parametrlari tahlil qilinib, gidrotexnik inshootlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy va texnik tavsiyalar ishlab chiqildi.


Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti “Suv xo‘jaligida zamonaviy axborot texnologiyalari va suv resurslarini boshqarish” laboratoriyasi tomonidan “Bir makon - Bir yo‘l” tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan ushbu amaliy-investitsion loyiha Toshkent viloyati Piskent tumanida 10 gektar maydonda tashkil etilmoqda. Ushbu demonstratsion uchastkada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va amaliy tajribalar jarayonida talabalar uchun dala amaliyotlarining tashkil etilishi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlashga xizmat qiluvchi innovatsion ilmiy-amaliy model sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.


Loyiha natijalari Markaziy Osiyo kabi ma’lumotlar cheklangan mintaqalarda qishloq xo‘jaligi hosildorligini barqaror oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu natijalar Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SUR) erishish uchun optimallashtirish strategiyalari va amaliy yondashuvlarni taklif etadi hamda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda ularni amalga oshirishga ko‘maklashib, iqlim o‘zgarishlari sharoitida suv resurslarini optimal taqsimlash va operativ boshqarishni ta’minlaydi.


Luqmon Samiyev Toshkent viloyati hokimining

qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi