Imitatsion modellashtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar.

18.05.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

Gidromelioratsiya fakulteti “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” kafedrasi taklifiga asosan universitetimizga Rossiya Federatsiyasining Buyuk Petr nomidagi Sankt – Peterburg politexnika universitetining professor – o‘qituvchilari “Transport” oliy maktabi dotsenti Plotnikov Dmitriy Georgiyevich va “Tizimli dinamika” laboratoriyasi ilmiy xodimi, “Transport jarayonlari imitatsion modellashtirish” onlayn kursi muallifi va koordinatori Aushra Vladovna Banitelar tashrif buyurishdi.

Tashrifning maqsadi 70811210 - Gidromelioratsiya ishlarini mexanizatsiyalashtirish magistratura mutaxassisligi “Muhandislik logistikasi va modellashtirish” fani dasturi doirasida Anylogic dasturiy ta’minot tizimini qo‘llagan holda logistik jarayonlar (ishlab chiqarish, transport va omborxona jarayonlari) ni modellashtirishga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdan iborat.

Tashrif doirasida mehmonlarga kafedra mudiri Begmat Xolmatovich Norov tomonidan universitetimiz haqida qisqacha ma’lumot berildi. Universitetlararo hamkorlikning hozirgi kuni, erishilgan natijalar tahlil qilindi.

Mehmonlar “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” kafedrasi jamoasi bilan yaqindan tanishib, Rossiya Federatsiyasining Buyuk Petr nomidagi Sankt – Peterburg politexnika universiteti, “Transport” oliy maktabi hamda “Tizimli dinamika” laboratoriyasi haqida qisqacha ma’lumot berdi. U xalq xo‘jaligining turli sohalari uchun hozirgi kunda erishilgan ilmiy natijalar hamda kelgusida O‘zbekiston sharoiti misolida suv xo‘jaligi sohasida material oqimlar va suv xo‘jaligi texnikalari texnik holatini masofadan turib boshqarishda yangi yondoshuvlar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ular ishtirokida magistratura dars jadvaliga asosan joriy hafta davomida mashg‘ulotlar eng so‘ngi rusumdagi kompyuterlar bilan jihozlangan kompyuter xonasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari kelajakda hamkorlikning yo‘nalish hamda rejalari belgilab olindi va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l haritasi ishlab chiqildi.

Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida talabalar shu kungacha onlayn tarzda olingan nazariy bilimlarini mustahkamlash hamda ta'minot zanjirlarini tahlil qilish va optimallashtirishga yordam beradigan zamonaviy modellashtirish vositalari dunyosiga sho'ng'ish uchun noyob imkoniyat yaratildi. AnyLogic dasturidan material oqimlarni boshqarish, jumladan yuklarni tashish, iglab chiqarish quvvatlarini baholash, tarqatish va boshqa turli logistika jarayonlarining modellarini yaratish uchun qanday foydalanish mumkinligini namoyish etdilar.

Magistrantlar amaliy mashg'ulotlarda faol ishtirok etdilar, ular olgan bilimlarini o'z modellarini yaratish va real biznes stsenariylarini hal qilishda qo'lladilar. Mashg‘ulotlar ularda katta qiziqish uyg'otdi va integratsiya zarurligini tasdiqladi.

 GIM kafedrasi mudiri B.X.Norov ma’lumoti