“Mirzo Ulug‘bek vorislari” Data Science kurslarining qabuli jarayonlari hamda kursning imkoniyatlariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
18.05.2026
2026-yil 12-may kuni universitetda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Data Science kurslarining 2026/2027-o‘quv yili qabuli jarayonlari hamda kursning imkoniyatlariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Tadbirda kurs mas’ullari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga Data Science yo‘nalishining bugungi kundagi dolzarbligi, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida malakali kadrlarni tayyorlashdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, kursning o‘quv dasturi, ta’lim jarayoni, amaliy loyihalar, mentorlik tizimi hamda qabul bosqichlari yuzasidan tushuntirishlar olib borildi.
Ta’kidlanganidek, tanlovda g‘olib bo‘lgan talabalar uchun bir qator qulay imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, ular akademik mobillik asosida bir o‘quv yili davomida Toshkent shahrida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. O‘qish davrida talabalar bir mahal issiq ovqat hamda har oy 1 320 000 so‘m miqdorida rag‘bat puli bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, ularga noutbuk, internet, onlayn darsliklar hamda amaliyotchi mutaxassislar tomonidan olib boriladigan darslar taqdim etilishi qayd etildi.
Seminar davomida kurslarda Python, R, SQL, Power BI, Machine Learning va Sun’iy intellekt asoslari bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berilishi, shuningdek, startap loyihalar va real muammolar uchun IT yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi haqida ham ma’lumot berildi.
Qabul jarayonlari hozirda davom etmoqda. Kursda ishtirok etish istagidagi talabalar arizalarni onlayn tarzda topshirishlari mumkin: dscience.uz/qabul/2026
Mazkur seminar yoshlarning zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni innovatsion fikrlash va raqamli texnologiyalar sohasida faol ishtirok etishga rag‘batlantirishga xizmat qildi.