DEISC markazi xalqaro innovatsion maydonga aylanmoqda: Koreyalik ekspertlar ishtirokida startap, biznes va web-texnologiyalar bo‘yicha amaliy treyning o‘tkazildi

18.05.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

2026-yil 15–16-may kunlari “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Xalqaro Kasbiy Ta’lim Markazida Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan LUPIC (Leading Universities Project for International Cooperation) xalqaro loyihasi doirasida tashkil etilgan DEISC (Digital Education & Innovation Support Centre) markazida “Roboticsware for Business” xalqaro amaliy seminar-treningi yuqori saviyada o‘tkazildi.

Mazkur ikki kunlik xalqaro trening Janubiy Koreyaning “Roboticsware” kompaniyasi vakillari Kim SungIl va JeongJun Lee tomonidan olib borildi. Ular ishtirokchilarga startap ekotizimi, innovatsion biznes modellar, raqamli texnologiyalar, hamda sun’iy intellekt asosidagi zamonaviy tadbirkorlik bo‘yicha xalqaro tajribalarni taqdim etdilar.




Treningning 16-may kungi amaliy mashg‘ulotlarida ishtirokchilarga startap g‘oyalarni shakllantirish, biznes reja ishlab chiqish, innovatsion loyihalarni boshqarish, hamda websayt yaratish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berildi.

Ayniqsa, websayt yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Trening yakunida tinglovchilar tomonidan yaratilgan websayt loyihalari taqdimoti o‘tkazilib, ularning kreativ yondashuvi va innovatsion fikrlashi yuqori baholandi.


Tadbir davomida DEISC markazi a’zolari o‘zlarining startap g‘oyalari va biznes rejalari bilan faol ishtirok etdilar. Ular tikuvchilik, oshpazlik, kulinariya, pishiriq tayyorlash, xizmat ko‘rsatish, innovatorlik hamda raqamli tadbirkorlik kabi yo‘nalishlarda g‘oyadan real loyihagacha bo‘lgan jarayonlar bo‘yicha tashabbuslarini taqdim etdilar.



Mashg‘ulotlar davomida Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy kompyuter texnikalari va innovatsion uskunalardan samarali foydalanildi. Interaktiv savol-javoblar va amaliy topshiriqlar trening samaradorligini yanada oshirdi.

Shuningdek, DEISC markazi doirasida Keymyung Kollej Universiteti bilan hamkorlikda kelgusida xalqaro workshoplar, forumlar va seminar-treninglar davom ettirilishi rejalashtirilgani ta’kidlandi. Loyiha faoliyati universitet tomonidan rektor B.S. Mirzayev koordinatsiyasida samarali boshqarilib, barcha vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.


DEISC markazi mas’uli Go‘zal Eshchanova (“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti DEISC koordinatori) tomonidan universitet xotin-qizlari, Xotin-qizlar qo‘mitasi a’zolari, talaba-qizlar, Mirzo Ulug‘bek mahallasidan yosh tadbirkorlar, innovatsiya va raqamli ta’limga qiziquvchi yoshlarni birlashtirish bo‘yicha muhim tashabbuslar amalga oshirildi. Natijada markazning doimiy faol a’zolari saralab olinib, kuchli innovatsion jamoa shakllantirildi.

Mazkur xalqaro loyiha universitetda innovatsion ta’lim muhitini rivojlantirish, hamda yoshlarning zamonaviy raqamli va tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Seminar-trening yakunida ishtirokchilarga “ROBOTICSWARE FOR BUSINESS 2 – COURSE” xalqaro sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.