“Dekan kubogi” — sport va birdamlik bayrami
15.05.2026
Joriy yilning 14-may sanasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, Energetika fakulteti talaba-yoshlar o‘rtasida an’anaviy “Dekan kubogi” musobaqasi yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqa talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda jamoaviy birdamlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Musobaqada fakultetning faol va sportsevar talabalardan iborat jami o‘n uchta jamoa ishtirok etdi. Har bir uchrashuv qizg‘in kurashlarga, murosasiz bahslarga va unutilmas lahzalarga boy tarzda o‘tdi. Maydonda nafaqat g‘alaba uchun kurash, balki do‘stlik, hurmat va haqiqiy sport muhiti ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tomoshabinlar qalbiga hayajon ulashgan final bahslarida jamoalar o‘zlarining mahorati, tezkorligi va ahil jamoaviy harakati bilan barchaning e’tiborini qozondi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
III o‘rin — 206-guruh jamoasi
II o‘rin — 102-guruh jamoasi
I- o‘rin mutloq g‘olib — 103-guruh talaba-yoshlari

Musobaqa davomida ayrim talabalar o‘zining yuqori sport mahorati bilan alohida ajralib turdi. Shu bois bir nechta nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi:
“Eng yaxshi darvozabon” nominatsiyasi — Mamadaliyev Mustafo Salim o‘g‘li
“Eng yaxshi to‘purar” nominatsiyasi — Ibotov Hamidullo Habib o‘g‘li
“Dekan kubogi” musobaqasi sport
nafaqat jismoniy chiniqish, balki yoshlar qalbida iroda, intilish va birdamlik
tuyg‘ularini shakllantirishini yana bir bor namoyon etdi. Bunday musobaqalar
talaba-yoshlarni sog‘lom turmush tarziga undab, ularning iste’dod va
imkoniyatlarini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Energetika fakultetida tashkil etilayotgan bunday sport tadbirlari kelajakda ham davom etib, yoshlar orasida sport madaniyatini yanada rivojlantirishiga ishonamiz.
“Energetika” fakulteti tyutori B.Abdullayev axboroti
Universitet matbuot xizmati