Jizzaxda qishloq va suv xo‘jaligida innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

15.05.2026

#Rektordan #Yangilik

Sharof Rashidov tumanidagi “Agromarkaz”da Jizzax viloyati hokimligi va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida qishloq va suv xo‘jaligini raqamlashtirish, intellektual boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda innovatsion texnologiyalar orqali samaradorlikni oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat rahbariyati, universitet professor-o‘qituvchilari, suv xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassislari, klaster va fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etib, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va raqamli boshqaruv tizimlarini amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar, shuningdek sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi.

Tadbir doirasida Jizzax viloyati hokimligi va universitet o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.

Ko‘rgazma qismida urug‘larga plazmali ishlov berish texnologiyasi, mobil meliorativ laboratoriya, agrodronlar, energiya samarador qurilmalar hamda nasos agregatlarini diagnostika qilish uskunalari namoyish qilinib, ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur seminar qishloq va suv xo‘jaligida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, innovatsiyalarni amaliyotga keng joriy etish hamda sohada zamonaviy boshqaruv tizimlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.